
Piter Grin «Bunyodkor» va «Paxtakor»dan so`ng «Nasaf»ning ham o`yinini boshqaradigan bo`ldi.
OChL «A» guruhi 5-turidan o`rin olgan, 2 may kuni BAA poytaxti Abu-Dabi shahrida bo`lib o`tadigan «Al-Jazira» – «Nasaf» uchrashuvini avstraliyalik va malayziyalik hakamlardan tashkil topgan brigada boshqarib boradi. Avstraliyalik bosh hakam Piter Gringa qanotlarda hamyurti Bred Hobson va malayziyalik Muhd Sabri Bin Dovud yordam bersa, malayziyalik Suhayzi Bin Shukri to`rtinchi hakam sifatida ko`rsatilgan.
33 yoshli Piter Grin 2006 yildan beri OFK va FIFA bayrog`i ostida o`tkazilayotgan musobaqalarda hakamlik qilib keladi. Grin OChL bahslariga 2009 yildan beri jalb etiladi, 2012 yilgi mavsum hisobidan u hozirgacha bitta – «N» guruhidagi «Kashiva Reysol» (Yaponiya) – «Chonbuk Motors» (Janubiy Koreya) o`yinida (5:1) ishladi.
Piter Grin bungacha ham o`zbek jamoalari ishtirokidagi o`yinlarni boshqargan. Xususan, 2009 yilning 11 mart kuni OChLda debyut qilgan avstraliyalik hakam shu kuni Toshkentning «Bunyodkor» hamda Saudiyaning «Al-Ittifoq» jamoalari o`rtasidagi bahsni boshqarib borgan. O`yin 2:1 hisobida O`zbekiston chempioni foydasiga hal bo`lgan. O`sha mavsumdagi ikkinchi o`yini ham o`zbek jamoasi ishtirokida bo`lgan – Toshkentda bo`lib o`tgan «Paxtakor» – «Saba Batteri» (Eron) o`yinida ham o`zbekistonliklar 2:1 hisobida g`alaba qozonishgan.
Piter Grin 2011 yilgi mavsumda ham «Paxtakor» ishtirokidagi o`yinda bosh hakamlik qildi. Saudiya Arabistoni poytaxti Riyod shahrida bo`lib o`tgan «An-Nasr» – «Paxtakor» o`yinida toshkentliklar 0:4 hisobida imkoniyatni boy berishgan.
OChL, «A» guruhi, 5-tur uchrashuvi
«Al-JAZIRA» (BAA) – «NASAF» (O`zbekiston)
Bosh hakam: Piter Grin (Avstraliya).
Yon qanot hakamlari: Bred Hobson (Avstraliya), Muhd Sabri Bin Dovud (Malayziya).
Zaxira hakami: Suhayzi Bin Shukri (Malayziya).
Komissar: Hasan G`afforiy (Eron).
Nazoratchi: Sun Baojie (Xitoy).
Ma`lumot uchun:
- «Nasaf»ning so`nggi o`yini, «A» guruhidagi vaziyat va o`yinlar taqvimi