Tseytlin va Shodmonov Tojikistonga bormaydi

O`zbekistonlik hakamlar OFK Prezidenti Kubogining Tojikistonda bo`lajak guruh bahslarida ishtirok etmaydigan bo`lishdi.
 
2012 yilning 5-9 may kunlari Tojikistonning Dushanbe va Tursunzoda shaharlarida OFK Prezidenti Kubogi «S» guruhi o`yinlari o`tkazilishi rejalashtirilgan. OFK ma`lumotiga ko`ra, bahslarda ishtirok etuvchi klublar tarkibida o`zgarish yuz bergan. Unga ko`ra, Shri-Lankaning «Ratnam» klubi musobaqada ishtirok etmaydigan bo`lgan. «S» guruhida, mezbon «Istiqlol» jamoasidan tashqari, Turkmanistonning «Balkan» va Falastinning «Markaz Shabab» klublari ham o`rin olgan.
 
Tojikistondagi saralash bahslari ishtirokchilari soni uchtagacha qisqarganidan so`ng, OFK musobaqaga taklif etilgan hakamlar guruhini ham qisqartirishga qaror qilgan. Shu munosabat bilan, o`zbekistonlik bosh hakam Vladislav Tseytlin va yon qanot hakami Husniddin Shodmonov Tojikistondagi musobaqada ishtirok etmaydigan bo`lishdi. Bundan tashqari, vetnamlik komissar Nguen Min Ngok va kuvaytlik yon qanot hakami Faris ash-Shammariy ham Tojikistonga bormaydi.
 
2012 yilgi OFK Prezidenti Kubogida, Shri-Lanka vakili chiqib ketganidan so`ng, 11 mamlakat — Bangladesh, Butan, Kambodja, Xitoy Taypeyi, Qirg`iziston, Mo`g`uliston, Nepal, Pokiston, Falastin, Tojikiston va Turkmaniston klublari g`oliblik uchun kurash olib bormoqda. Jamoalar dastlab uch guruhga bo`linib, final bosqichi yo`llanmasi uchun kurash olib borishadi. Guruh o`yinlariga, Tojikistondan tashqari, Pokiston va Kambodja mezbonlik qilmoqda. Sentyabr oyida bo`ladigan final bosqichida esa guruhlarda dastlabki ikki o`rinni egallagan olti jamoa ishtirok etadi.
mib
uzcard
cola
apex
bmb