Sherzod Hakimov «Al-Vihdat»ga qarshi o`yinda maydonga tushmaydi

«Neftchi» yarimhimoyachisi Sherzod Hakimov OFK Kubogi guruh bosqichi 5-tur uchrashuvini o`tkazib yuboradi.
 
«Al-Oruba»ga qarshi OFK Kubogi «D» guruhi 4-tur uchrashuvida (0:0) «Neftchi» futbolchilariga jami to`rt marta sariq kartochka ko`rsatilgandi. Dilyorbek Ermatov va Aziz Alijonov uchrashuvning janubiy koreyalik bosh hakami Ko Xyun Jin tomonidan bir martadan ogohlantirildi.
 
Uchrashuvning 60-daqiqasida hujumchi Otabek Isroilov o`rniga maydonga tushgan Sherzod Hakimov 69-daqiqada birinchi, 90+6-daqiqada esa ikkinchi sariq kartochka bilan jazolandi va maydondan chetlatildi.
 
Shu munosabat bilan, OFK Kubogi Reglametining 68-moddasi «e» va «g» bandlariga asosan, Sherzod Hakimov 24 aprel kuni o`tkazilishi rejalashtirilgan «Al-Vihdat» (Iordaniya) – «Neftchi» (O`zbekiston) uchrashuvida ishtirok eta olmaydi.
 
68-modda «e» bandiga ko`ra, o`yin davomida qizil kartochka olgan futbolchi yoki jamoa vakili qizil keyingi o`yinni o`tkazib yuborishi shart. Xuddi shu moddaning «g» bandiga ko`ra, chetlatilgan futbolchi yoki jamoa rasmiysi zaxira o`rindig`ida o`tirishi yoki texnik hududda bo`lishi mumkin emas.
 
Ma`lumot o`rnida aytish joiz, Sherzod Hakimov «Al-Oruba»ga qarshi Farg`onada bo`lib o`tgan uchrashuvda ham, 67-daqiqada maydonga tushib, 90+4-daqiqada sariq kartochka ishlab olgandi. Umuman, 5-turgacha, «Neftchi» futbolchilaridan Baxtiyorjon Yoqubov, Otabek Isroilov, Iqbol Akramov, Shukurali Po`latov, Mansurjon Saidov, Farrux Turdialiev, Izzatbek G`aniev, Dilyorbek Ermatov va Aziz Alijonov sariq kartochka ishlab olishgan. Dastlabki turlarda ketma-ket ikki uchrashuvda ogohlantirish olgani uchun Aziz Alijonov va Muhsin Nizomitdinov bittadan uchrashuvni o`tkazib yuborishga ham ulgurishgan.
 
Eslatib o`tamiz, OFK Kubogi guruh bosqichi 4-turidan so`ng «Neftchi» 8 ochko to`plagani holda «D» guruhida ikkinchi bo`lib turibdi, jamoa hali birorta uchrashuvda mag`lubiyatga uchramagan. Guruhda peshqadamlik qilayotgan «Al-Vihdat» hisobida 9 ochko bor.
mib
uzcard
cola
apex
bmb