«Neftchi» himoyachisi «Al-Oruba»ga qarshi javob uchrashuvini o`tkazib yuboradi

«Neftchi» himoyachisi Muhsin Nizomitdinov «Al-Oruba»ga qarshi OFK Kubogi uchrashuvida jamoasiga yordam bera olmaydi.

Avvalroq, «Neftchi» yarimhimoyachisi hamda OFK Kubogidagi to`purari — Aziz Alijonov sariq kartochkalari soni ikkitaga etgani sabab, Ummonning «Al-Oruba» jamoasiga qarshi Farg`onadagi o`yinni o`tkazib yuborishi haqida xabar bergandik. Alijonov «Al-Oruba»ga qarshi Ummonda bo`ladigan javob uchrashuvida qatnasha oladi, biroq farg`onaliklarning boshqa futbolchisi — himoyachi Muhsin Nizomitdinov maydonga tusha olmaydi.

«Neftchi» himoyachisi Iordaniyaning «Al-Vixdat» jamoasiga qarshi 1-tur hamda «Al-Oruba»ga qarshi 3-tur uchrashuvida sariq kartochka olgani sabab, 4-tur uchrashuvini o`tkazib yuborishi kerak. Bundan tashqari, OFK Tartib-intizom Kodeksiga 52-moddasiga asosan, klubga 1,5 ming AQSh dollari miqdorida jarima ham solingan.

Ma`lumot o`rnida
OFK Kubogi guruh bosqichining o`tgan uch turi davomida «Neftchi» futbolchilari jami 12 marta ogohlantirilgan. Guruh bosqichining keyingi uchrashuvlarida ko`rsatilgan sariq kartochkalar «Neftchi»ning quyidagi futbolchilari — Baxtiyorjon Yoqubov, Otabek Isroilov, Iqbol Akramov, Shukurali Po`latov, Mansurjon Saidov, Farrux Turdialiev, Sherzod Hakimov va Izzatbek G`aniev uchun ikkinchisi bo`lishi mumkin hamda jamoaning bundan keyingi o`yinida maydonga tusha olmaydilar.

Umuman, klublar o`rtasidagi Osiyo musobaqalarida O`zbekiston sharafini himoya qilayotgan jamoasi, uch tur yakuniga ko`ra, Qarshining «Nasaf» jamoasi bo`lib turibdi. Ro`ziqul Berdiev shogirdlari «Al-Jazira»ga (2:4) qarshi uchrashuvda birorta ham kartochka olmagan bo`lishsa, «Istiqlol» (0:0) va «Ar-Rayyan»ga (1:3) qarshi uchrashuvlarda bir martadan ogohlantirildi (mos ravishda – Ivan Boshkovich va Erkin Boydullaev).

O`zbekiston chempioni «Bunyodkor» «Adelaida Yunayted» (1:2) va «Poxang Stilerz»ga (2:0) qarshi dastlabki ikki o`yinda birorta ham kartochka olmagan bo`lsa-da, «Gamba Osaka»ga (1:3) qarshi uchrashuvda jamoaning uchta futbolchisiga sariq kartochka ko`rsatildi (Artyom Filiposyan, Sahob Jo`raev, Yan Kozak).

«Paxtakor» futbolchilariga esa «Al-Ittihod»ga (0:4)ga qarshi birinchi tur uchrashuvida beshta kartochka ko`rsatilgandi: ikkita sariq kartochkadan so`ng Aleksandr Kletskov maydondan chetlatilgan, shuningdek, Maxaradze va Sharofetdinov ham ogohlantirilgan edi. «Baniyas» (1:1) bilan o`yinda bir, «Al-Arabi»ga (3:1) qarshi o`yinda esa ikki nafar «paxtakorchi»ga sariq kartochka ko`rsatildi (mos ravishda – Vladimir Kozak hamda Egor Krimets va Sanibal Oraxovats).

mib
uzcard
cola
apex
bmb