
«Nasaf»ning OChLdagi debyuti muvaffaqiyatsiz chiqdi.
O`zbekiston vitse-chempioni OChL guruh bosqichi 1-turi doirasidagi BAAning «Al-Jazira» klubiga qarshi o`yinni 6 mart, seshanba kuni o`tkazishi kerak edi. Biroq, Qarshi shahrida yuzaga kelgan noqulay ob-havo sharoiti sabab o`yin bir kun keyinga kechiktirilgan edi.
7 mart kuni bo`lib o`tgan uchrashuv, dastlab, Ro`ziqul Berdiev shogirdlari uchun omadli boshlandi. 2-daqiqada Fozil Musaev, 18-daqiqada esa Salim Rubayaning avtogolidan so`ng «Nasaf» 2:0 hisobida oldinga chiqib oldi. Biroq, baxtga qarshi, uchrashuvdagi bundan keyingi barcha gollar Murodjon Zuhurov darvozasidan o`rin oldi.
Dastlab Juma Abdulla 39-daqiqada hisobni qisqartirgan bo`lsa, ikkinchi bo`limning 22-daqiqasida Abdulla Musa o`rtadagi muvozanatni tikladi. 75-daqiqada braziliyalik Bare «Al-Jazira»ni hisobda oldinga olib chiqdi. Uchrashuv yakunlanishiga ikki daqiqa qolganida boshqa bir braziliyalik hujumchi — Rikardu Oliveyra oradagi farqni ikkitaga oshirib, o`yindagi yakuniy hisobni o`rnatdi.
«A» guruhidagi dastlabki o`yin 6 mart, seshanba kuni bo`lib o`tgan edi. O`z maydonida Tehronning «Istiqlol» klubini qabul qilgan Qatarning «Ar-Rayyan» klubi 0:1 hisobida imkoniyatni boy bergan. 1-turdan so`ng «A» guruhida BAA klubi peshqadamlik qilmoqda.
OChL, «A» guruhi, 1-tur uchrashuvi
7 mart, chorshanba
«NASAF» (O`zbekiston) – «Al-JAZIRA» (BAA) 2:4 (2:1)
GOLLAR: Fozil Musaev (2), Sami Rubayya (18-avtogol) — Muborak Juma (39), Abdulla Musa (68), Bare (75), Rikardo Oliveyra (88).
OGOHLANTIRIShLAR: Lukas Nill (8), Matias Delgado (45+1).
«NASAF»: Murodjon Zuhurov, Maqsud Karimov, Botir Qoraev, Jahongir Jiyamurodov, Andrey Pereplyotkins (Ivan Boshkovich, 78), Ilhom Shomurodov, Kenja To`raev (Nosirbek Otaqo`ziev, 69), Artur Gevorkyan, Fozil Musaev, Erkin Boydullaev, Boyan Malishich.
«Al-JAZIRA»: Humayd Husaniy, Lukas Nill, Muborak Juma, Ibrohim Diaki, Sami Rubayya, Abdulrahim Juma (Bare, 65), Abdulla Musa, Matias Delgado (Abdulla Marzuq, 90), Ibrohim Ahmad, Subayt Xatir (Abdulsalom Juma, 84), Rikardo Oliveyra.
HAKAMLAR: Choy Myong, Yang Pyong Yon, Li Jung Min, Kim Dae Yong (Janubiy Koreya).
KOMISSAR: Talal al-Suvaylmin (Iordaniya).
NAZORATChI: Jassim Muhammad (Bahrayn).
«Qarshi» markaziy stadioni. 13000 tomoshabin.