Superliga 13-turidan o‘rin olgan Olimpik – Surxon (2:0) uchrashuvidan so‘ng mezbonlar bosh murabbiyi Timur Kapadze o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
Juda qiyin bahs bo‘ldi. Havo ham issiq ekanligi sezildi. Futbolchilar ikki taymda ham anchagina kuch sarfladi. Shunga qaramay, yigitlar kurash olib bordi. Surxonning xatolaridan unumli foydalandik. Endi, bor e’tiborimizni keyingi bahsga qaratamiz.
O‘tgan safar bitta to‘p farqi bilan ortda borayotgan edik. Bunyodkor juda zich himoyalandi. Shunga qaramay, imkoniyatlarimiz bo‘ldi, biroq omad etishmadi. Yana qaerdadir ularning darvozaboni juda ishonchli o‘yin ko‘rsatib tashladi. Bu safar bir to‘p farqi bilan oldinda edik. Surxon oldinga chiqishga majbur edi. Bizga bo‘sh zonalar ochib bergani sababli barchasi osonroq kechdi. Agar aksi bo‘lganida, yana murakkab ahvolda qolgan bo‘lar edik.