Birinchi liga 11-turidan o‘rin olgan Qumqo‘rg‘on-1977 0:3 Qiziriq uchrashuvi davomida va undan keyin ro‘y bergan holatlarni inobatga olib, Liga Qumqo‘rg‘onda o‘z musobaqalarini tashkil etishga nisbatan vaqtincha cheklov kiritadi.
Qumqo‘rg‘on-1977 jamoasi bosh direktori Ulug‘bek Sattorov uchrashuv hakamlariga bosim o‘tkazish bilan cheklanmay, ularga nisbatan ochiqchasiga tahdid qilgan. Voqea tafsilotlari Liga komissari tomonidan qayd etilgan. Komissar hamda uchrashuv hakamlari bildirgisiga asosan mazkur ish Tartib-intizom qo‘mitasiga oshiriladi hamda Qumqo‘rg‘on-1977 jamoasining Birinchi liga 13-turidan o‘rin olgan Xorazm FA bilan o‘yini Qumqo‘rg‘ondan Xorazmga ko‘chiriladi.
Shuningdek, Liga yuqoridagi holat faqatgina O‘FA qo‘mitasida emas, balki huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ham ko‘rib chiqilishini ta’minlaydi. Shundan keyingina Qumqo‘rg‘on-1977 jamoasining kelgusi taqdiri yuzasidan qaror qabul qilinadi.