Superliga 12-turidan o‘rin olgan Bunyodkor – Olimpik (1:1) uchrashuvidan so‘ng mehmonlar bosh murabbiyi Timur Kapadze matbuot anjumanida ishtirok etdi.
O‘yinda kutilmagan narsalar ko‘p bo‘ldi. Yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan edik. Bunyodkor uchun har bir bahs finaldek. Biz ruhan tayyor bo‘lib bahsga yetib keldik, ammo qizil kartochkalar o‘yin foniga ta’sir qildi. Menimcha, g‘alaba qozonish uchun imkoniyatimiz yaxshi edi. Shunga qaramay, qaldirg‘ochlar 8-9 kishi bo‘lib himoyalandi. Qo‘shimchasiga, darvozabon ham ishonchli o‘yin o‘tkazdi. Afsuki, sovg‘adan foydalana olmadik. Ortiqcha gap-so‘zga xojat yo‘q. Mana shunday uchrashuvlar ham bo‘ladi. Bunyodkorga omad tilayman. Qayerdadir yoshlik qildik. Bir yarim taym zich himoyani ochishga harakat qildik, imkoniyat yaratdik, biroq ularni darvozabonini omadi keldi. Ikki jamoaga ham omad.
Bellashuvni boshini yaxshi boshlamaganimiz aniq. Kirishib ketishda muammolar bo‘ldi. Bunyodkor 11 kishi bo‘lib futbol o‘ynaganida boshqacha bo‘lishi mumkin edi. To‘p nazorati bizga o‘tgandan keyin, vaziyat yaratishga harakat qildik. shu sababli, turli hil uslubda hujum qilishga to‘g‘ri keldi.
Menimcha, Jo‘raqo‘ziyev bellashuvga yaxshi qo‘shilib ketdi. Gol kiritdik, ketma-ket imkoniyatlar bo‘ldi, ammo foydalana olmadik. Qayerdadir klass yetishmadi, yana qayerdadir raqib mudofaa chizig‘i ishonchli o‘yin ko‘rsatdi. Hozir, nafaqat bizda, balki boshqa grandlarda ham vaziyatdan foydalanmaslik kuzatilmoqda. Realizatsiya birinchi navbatda futbolchilarning o‘zi uchun plyus. Bu tajriba bilan keladi degan umiddaman.