Superliga 12-turidan o‘rin olgan Surxon – Metallurg (2:1) uchrashuvidan so‘ng mehmonlar murabbiyi Ilyos Qurbonov matbuot anjumanida ishtirok etdi.
Nima ham deyman. Birinchi bo‘lib gol urdik. Raqibni qanday futbol o‘ynashini bilar edik. Intensiv va mobil. Aynan shu sababli ikkinchi raqamda o‘ynashni reja qilgan edik. Ilk bo‘limda bizda juda ko‘p vaziyatlar bo‘ldi, ammo sifat yetishmadi. Shunga qaramay, oldinga chiqib oldik. Keyin, bir kishi ko‘p bo‘lgach ikkinchi taymda to‘pni ko‘proq nazorat qilishni so‘radik. Tempni tushirmoqchi edik, afsuski uddalay olmadik. Jamoada psixologik jihatdan qo‘rquv bor. Yigitlar ishonchli o‘yin namoyish eta olmadi. O‘yinni tahlil qilib xato va kamchiliklar ustida ishlaymiz.
To‘g‘ri, bizda 8-9 yildan beri to‘p tepayotgan mahoratli futbolchilar mavjud. Biz birinchi taymda hisobda oldinda bora turib, so‘nggi daqiqalarda bir necha bor gol o‘tkazib yubordik. Konsenstratsiya yo‘qolmoqda. Futbol shunday o‘yin. Menimcha, ruhiy tayyorgarlik masalasida muammolar bor. Futbolchilar maydonda qo‘rqmay harakat qilishi kerak, ammo buni uddalay olishmayapti. Xatolar ko‘payib ketdi.
Futbolda ishonchsizlik va qo‘rquv bo‘lsa futbolchini yuragi tezroq uradi. Mondraj holatda tezroq charchoq boshlanadi. Jamoamizda yoshi kattaroq futbolchilar ko‘proq. Surxon tarkibida aksincha, asosan yoshlar harakat qiladi. Balki, shu faktor sababli bizni jamoa tezroq charchab qolgandir. Bizni oldingi murabbiyimiz aynan jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha mutaxassis edi. Afsuski, hayajon bo‘lganda qaror qabul qilishda muammolar yuzaga keldi.
To‘g‘ri, bugun 3 ochkodan quruq qoldik. E’tibor qilgan bo‘lsangiz, hisobda oldinda borayotgan paytimizda himoyachimizda zo‘r imkoniyat bo‘ldi, biroq foydalana olmadik. Futbolda sen urmasang, senga urishadi degan naql bor. Yigitlarga, raqibni oldinroqda kutib olishimiz kerakligini ta]kidladik. Qanotlarga urg‘u berish kerak edi, ammo bizdagi ishonchsizlik sababli to‘pni ular nazorat qilishdi. Ikkinchi golni urganimizda, hammasi hal bo‘lar edi. Afsuski, hujumda sifat yetishmayapti.