Superliga 10-turidan o‘rin olgan Nasaf – Lokomotiv (3:0) uchrashuvidan so‘ng mezbonlar bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
G‘alaba uchun ham, Abduxoliqov uchun ham xursandman. Bizga 3 ochko, Boburga esa gol kerak edi va bunga erishdik. Barchasi nazoratimiz ostida o‘tdi va xotirjam, ishonchli g‘alabaga erishdik. Tezkor gol o‘yinimizni yengillashtirdi. Goldan so‘ng Lokomotiv ochilishga majbur bo‘ldik. Temiryo‘lchilar bugun 5-4-1 sxemasida bellashuvni boshladi. Tezkor gol esa bizga juda ham zarur edi.
Superkubokdan so‘ng futbolchilarda toliqish bor edi. Shu sababli zaxiradagi futbolchilarga imkoniyat berdik. Qolaversa, pozitsiyalar bo‘yicha ham o‘zgarishlar qildik. Marushich o‘rniga Abduxoliqov, Jigauri o‘rniga Silva va Kenjaboyev o‘rniga Chogadze maydonda harakat qildi. Superkubokda ham ularning maydonga tushishi ko‘p narsani o‘zgartirgan edik. Shu sababli ishonch bilan ularga imkoniyat berdik.
Statistikaga qaramagan ekanman. Agar, biz haqiqatdan ham ancha vaqtdan buyon Lokomotivni o‘z maydonimizda mag‘lub etmayotgan bo‘lsak, bugungi g‘alaba biz uchun juda ham muhim bo‘lgan ekan.
Bu yilgi mavsumda eng kam ochko jamg‘arib chempion bo‘lish imkoni bor. Jadvalga qarasak, barcha jamoada yo‘qotishlar ko‘p ekanini ko‘ramiz. Shu sababli, har bir bahsga jiddiy yondashmasak, natija ijobiy bo‘lmasligi mumkin.
Futbolchilarning jismoniy imkoniyatlari ko‘rinib turadigan tizimdan ligadagi barcha jamoalar foydalanadi. Bu talab ham. Boisi, har bir jamoada milliy termaga nomzod futbolchilar to‘p tepib turadi. Bu tizim murabbiylarga ham juda katta foyda keltiradi. Biz bundan chuqur foydalanamiz. Qaysi futbolchi qanday tezlikda qancha vaqt harakat qilgani-yu, tiklanish kimda qancha vaqt olayapti? Bu tizim orqali barchasini nazorat qilib borish mumkin bo‘ladi. Undagi ko‘rsatkichlar bo‘yicha ko‘p futbolchilarimizda bir xil natijalar kuzatiladi. Ammo, ayrim vaqtlarda buning aksi ham kuzatiladi. Masalan, Superkubokda Bozorov 13 kmdan ortiq masofani bosib o‘tgan. Undan oldingi bellashuvda esa Kenjaboyev eng ko‘p yugurgan edi. Shuningdek, pozitsiyasidan kelib chiqib, Muhiddinov va Jigauri ham ko‘p masofa bosib o‘tadi. Markaziy himoyachilardan boshqa deyarli barcha o‘rtacha 10 kmdan ko‘p yuguradi. Qanot vingerlarida esa bu ko‘rsatkich yanada ko‘p bo‘ladi.