Superliga 10-turidan o‘rin olgan Nasaf – Lokomotiv (3:0) uchrashuvidan so‘ng mehmonlar bosh murabbiyi Yorqin Nazarov o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
O‘zbekistonning eng kuchli jamoalaridan biri bilan o‘ynadik. Hisob yirik ko‘rinish oldi. Biz hozir o‘z o‘yinimizni yo‘lga qo‘yib olish jarayonidamiz. Ikkita golni o‘z xatolarimiz bilan olib keldik.
Hozir boshqa uslubga o‘tishga intilyapmiz. Shu sababli to‘p bilan ko‘proq muomala qilmasdan futbolchilar uni tepib yuborishmoqda. Balki, shuning uchun Nasafga oson bo‘lgandir. Turdaliyev va Rogachning xatolari bo‘lmaganida hisob buncha yirik bo‘lmasdi.
Bizga barqarorlik yetishmayapti. O‘tgan bahs yaxshi harakat qilgandik, bugun esa yirik hisobda yengildik. Bunda Nasaf safida terma jamoa a’zolari to‘p tepishini ham inobatga olish lozim. Barqaror tarkibimiz mavjud emas. Shu sababli, kim mashg‘ulotlarda o‘zini ko‘rsatsa, o‘shani boshlang‘ich tarkibda maydonga tushadi.
Klub loyihasidan kelgusi ikki yil ichida akademiyadan tarbiyalanuvchilarni tarkibga jalb etish o‘rin olgan. Shu sababli, bugun Hoshimboyev va Muborakovni maydonga tushirdik. Mirzayev esa jarohatini davolatmoqda. Sekin astalik bilan yoshlarga ham imkoniyat berib boryapmiz.
Stoymirovich bizda eski jamoasida zaxirada qolib ketgan futbolchilar jamlangan, deb nazarda tutgan edi. Oldinda ikki hafta vaqtimiz bor. Bu orada nazorat bahsida maydonga tushamiz. Umuman olganda, yomon harakat qilmadik.