
Superliga 10-turida o‘z maydonida Olimpik bilan durang o‘ynagan Navbahor klubi ustozi Samvel Babayan o‘yin haqida o‘z fikrini bildirdi.
Hamma bizga qarshi alohida tayyorgarlik bilan o‘ynaydi. Hamma Navbahordan ochko tortib olishni istaydi. Hamma bizni yoqtirmaydigan darajada asabbuzar jamoaga aylandik. Ammo, dadil aytishim mumkinki, bugun Navbahor chempionatdagi eng yaxshi o‘yinini o‘tkazdi. Bugun raqibni har jabhada engdik. Ko‘plab hujumlar va havfli vaziyatlar uyushtirdik. Ammo, to‘p negadir darvozaga kirgisi kelmadi. Futbolchilarga rahmat, ular qattiq mehnat qilishdi.
Iskanderovda kamida uchta gol urishga imkoniyat bo‘ldi. Shunchaki, omad kelmadi deya olaman. Tabatadzening o‘rniga maydonga tushgan Shodiboev ham yomon o‘ynamadi. Bizni hamma kuchli va tajribali o‘yinchilarni yig‘ib olgan deyishadi. Ammo, Tabatadzening o‘rnida harakat qilgan Shodiboyev endigina 17 yoshda ekanligi, bu fikr noto‘g‘riligini ko‘rsatmoqda. Biz yosh futbolchilarga ham shunday ishonch bildirayapmiz.
Futbolchilarga ishonaman. Hali chempionat davom etmoqda va natija ko‘rsatishimizga ishonaman. Bunga bizda salohiyat etarli. Shunchaki, barcha o‘yinlarda ham omad kelmayapti. Yaxshi o‘ynab turib ham g‘alaba qozona olmaslik mumkin. Buni bir necha bor ko‘rdik.