Maksim Shatskix: Zaxirada o‘yinni kuchaytiradigan futbolchimiz yo‘q

O‘zbekiston Superkubogi-2024 uchun kechgan bahsda Nasafga penaltilar seriyasida mag‘lub bo‘lgan Paxtakor klubi bosh murabbiyi Maksim Shatskix o‘yin haqida o‘z fikrini bildirdi.

Kecha aytganimdek, bugun muxlislarga shou tashkil qilib berdik. O‘yindan oldin aytgan gapimning uddasidan chiqdik. Muxlislarga yoqadigan o‘yin qilib berdik. Afsus, xatolarimiz evaziga mag‘lub bo‘ldik. Kerak bo‘lmagan joyda futbolchimiz to‘pni oldirdi va yana gol o‘tkazib yubordik. Penaltilar seriyasi esa, albatta lotereya. Buning uchun futbolchilarni koyimayman. Borlarini berib o‘ynashdi va bugun ko‘rganingizdek yomon o‘ynamadik.

Nasaf birdaniga to‘rt nafar futbolchini almashtirayapti. Afsuski, menda bunday imkoniyat yo‘q. Birgina futbolchini maydonga tushirdik. Uni ham futbolchimiz jarohat olib maydonga yiqilgach majburan almashtirdik. Zaxirada o‘yinni kuchaytira oladigan o‘yinchining o‘zi yo‘q. 19-20 yoshli futbolchilar bilan o‘ynayapmiz. Shunday bo‘lsada, bugun ularning o‘yini menga manzur bo‘ldi. O‘zlarining shijoatlarini va mahoratlarini ko‘rsatishdi.

Albatta, yozda jamoaga yangi futbolchilarni olib kelmasak bo‘lmaydi. Tarkibni kuchaytirishimiz kerak. Hozir tarkibda 11-12 nafar futbolchi bor. Qolgan yoshlar hozir bizga yordam beradigan darajada emas. Rotatsiya qilmasak bo‘lmaydi. Sentyabrdagi xalqaro o‘yinlar oldidan albatta, tarkibga yangi futbolchilarni qo‘shamiz.

Mavsum avvalida rahbariyat bilan gaplashdik. Yoshlarga ko‘proq e’tibor qaratiladigan yangi jamoa tuzadigan bo‘ldik. Avvalgi Paxtakorni unuting. Bu butunlay yangi modeldagi jamoa. Rahbariyat bilan shunga kelishdik. Shunday bo‘lsada, jamoa kurashayapti, oldinga intilayapti. Kuchli raqiblarga qarshi tengma-teng o‘ynayapti.

Xoldorxonov o‘ziga bo‘lgan talablarni biroz tushirib yuborgani uchun jamoaning yoshlar tarkibiga tushirib yuborildi. Uning qaydnomaga kiritilmaganining sababi shu.

Penaltilar seriyasida zarba beradigan futbolchilarni men tanlamadim. O‘zlari tanlashdi. Kim tepishga tayyor bo‘lsa tepadi. O‘ziga ishongan futbolchi tepsin. Buni o‘zlari o‘zaro kelishib hal qilishsa yaxshiroq. Bunga aralashmadim.

mib
uzcard
cola
apex
bmb