O‘zbekiston Superkubogi-2024 o‘yini oldidan o‘tkazilgan rasmiylar ishtirokidagi matbuot anjumanida ishtirok etgan Nasaf klubi bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev uchrashuvga tayyorgarlik jarayoni va boshqa savollarga javob berdi.
Ro‘ziqul Berdiyev: Tayyorgarlikni Qarshidagi qarorgohimizda olib bordik. Toshkentga bugun etib keldik. Raqib safidagi futbolchilar haqida etarlicha tushuntirish berdik. Chiroyli o‘yin ko‘rsatib muxlislarni xursand qilishga harakat qilamiz.
Akmal Mozgovoy: Bunday o‘yinlarda o‘ynash futbolchilar uchun sharaf. O‘yinga yaxshi tayyorgarlandik deya olaman. Chiroyli o‘yin ko‘rsatib kubokni Qarshiga olib ketishga harakat qilamiz.
Viktor Da Silva: Ertaga bizni jiddiy bahs kutib turibdi. Mamlakatning ikki kuchli jamoasi sovrin uchun bellashadi. Yaxshi o‘ynab ijobiy natija ko‘rsatishni istaymiz.
Ro‘ziqul Berdiyev: Kubok bahslaridan chiqib ketganimiz biz uchun ancha og‘riqli bo‘ldi. Muxlislarimiz oldida ham ancha uyatga qoldik. Navbahorga mag‘lub bo‘lganimizdan keyin ancha tushkun vaziyatga tushib qoldik. Ikkita safar o‘yinida ijobiy natija ko‘rsata olmadik. Buning o‘ziga yarasha sabablari bor albatta. Buni futbolchilar ham biladi. Qanchalik og‘riqli bo‘lmasin, buni qabul qilishimiz kerak. Oldimizda boshqa katta maqsadlar bor. Shu maqsadlarga erishish uchun harakat qilamiz.
Albatta, o‘yin oldidan ancha muammolarga duch keldik. Uch nafar markaziy himoyachimiz yo‘q. Ularning o‘rnilarini boshqa pozitsiyadagilar bilan to‘ldirishga majburmiz. Umid qilamanki, ular ertaga ishonchni oqlay oladilar.
Bu o‘yinga futbolchilarni ruhlantirish shart emas. Bitta o‘yindan iborat final deyish mumkin. Oldingi o‘yinlardagi natijalarimizni esdan chiqarish mumkin. Ammo, bunday o‘yinlar doim esda qoladi. Buni futbolchilar ham juda yaxshi bilishadi. Ammo, shunday bo‘lsada buni futbolchilarga tushuntirishga harakat qilayapmiz.
Hozir futbolda shunday tendentsiya paydo bo‘ldi. Zamonaviy futbolda natija muhim bo‘lib borayapti. Shuning uchun ba’zida hujumkorlikdan himoyaviy futbolni afzal ko‘ramiz. Xatto, Real ham kerak bo‘lsa himoyada o‘ynayapti. Bu futbol.
Qaysidir murabbiyga qarshi alohida tayyorgarlik ko‘rmayman. Shatskix bilan o‘zaro statistikam yaxshi bo‘lishi mumkin. Ammo, buni hozir o‘ylamayapman. Dragan Cheranni yaxshi bilaman. Buni kecha mashg‘ulotlar paytida futbolchilar bilan gaplashgandik. Raqib jiddiy. Bizga qarshi boshqacha motivatsiya bilan o‘ynaydi. Boshqa o‘yinlarda ular yaxshi natija ko‘rsata olmayotgan bo‘lishlari mumkin. Ammo, Nasafga qarshi boshqacha Paxtakorni ko‘rish mumkin. Bitta o‘yinga Paxtakor bemalol futbolchilarni ruhlantira oladi.
Akmal Mozgovoy: Murabbiy qaysi pozitsiyaga qo‘ysa, o‘sha pozitsiyada o‘ynaymiz. Bu har qanday futbolchining burchi. Taktikani murabbiy tanlaydi va biz shu taktikaga moslashamiz. Pozitsiyamni almashtirganim omad keltirayaptimi? G‘alaba qozonayapmiz, demak, omad keltirayapti deyish mumkin.
Ro‘ziqul Berdiyev: Futbolimiz darajasi o‘sib bormoqda. O‘yin sifati ham ancha oshdi. Stadionlarga muxlislar tashrifi ancha oshgan. Bu quvonarli holat, albatta. Jamoalarning saviyasi o‘sgani yaqqon bilinayapti. Qiziqarli o‘yinlar soni ko‘paydi. O‘ylaymanki, ertaga ham stadionga ko‘plab muxlislar keladi.
Viktor Da Silva: Umid qilamanki, ertaga bizni qo‘llash uchun stadionga ancha muxlislar kelishadi. Bu biz uchun juda muhim. Ularning qo‘llab-quvvatlashlari bizga kerak. Bu bizga kuch beradi.