
Superliga 9-turidan o‘rin olgan So‘g‘diyona – Bunyodkor (4:0) uchrashuvidan so‘ng mezbonlar bosh murabbiyi Ivan Boshkovich matbuot anjumanida ishtirok etdi.
Uchrashuvga to‘xtalsam, natija hammasini ko‘rsatib turibdi. Bellashuv ajoyib tarzda o‘tdi. 4:0 – bu yoqimli natija. O‘ylaymanki, o‘yin sifati yuqori darajada bo‘ldi. Darvozamizdan to‘p o‘tkazib yubormadik, bu yigitlarga aytilgan vazifalardan biri edi. Oldingi uchrashuvlarga o‘xshab osonlik bilan to‘p o‘tkazib yubormaslikka harakat qildik. Futbolchilarning individual harakatlari natijasida ham oldinga o‘tishga harakat qildik. Barcha futbolchilarimiz yaxshi o‘yin namoyish qilishdi. Ularni birma-bir aytib, ko‘p gapirishni hojati yo‘q. Himoyada ham, hujumda ham yaxshi o‘ynab, qator imkoniyatlar yaratishga erishdik. Maydonda to‘p surgan har bir futbolchi aytilgan vazifalarni a’lo darajada bajarishdi. Biz 1-daqiqadan to 90+5-daqiqagacha bir jamoa bo‘lib o‘ynashga harakat qildik. Bundan keyin ham mana shunday uyushqoqlik bilan to‘p surishga intilamiz. Albatta, yana xuddi shunday g‘alabalarni xohlaymiz.
Tarkibimizdagi barcha o‘yinchilarni o‘zim chaqirganman. Qachonki, jamoa yaxshi o‘ynasa, kollektiv ajoyib bo‘lsa, g‘alabali yurishlar davom etaveradi. Hammasini avvalo mashg‘ulotlarda amalga oshiryapmiz. Aynan mashg‘ulotlarda qo‘llagan amaliyotlarimizni o‘yin davomida qo‘llashga harakat qilyapmiz. Birinchi navbatda kollektivni yaxshi holatda bo‘lishiga, futbolchilar bir-birini qo‘llab-quvvatlashini xohlayman va shunga harakat qilaman. Mashg‘ulotlarda hammasini yuqori darajaga olib chiqishni avvalo kollektiv bilan birgalikda ishlab, amalga oshirib boryapmiz. Bu orqali yuqori natijalarga harakat qilyapmiz. Har doim minus va plyus taraflarimiz bor. Minus jihatlarimizni mashg‘ulotlar davomida yopishga harakat qilyapmiz. 3-4 oydan beri bu jamoa bilan birgamiz. Mashg‘ulotlarda kamchiliklarimizni bartaraf qilishga astoydil ishlayapmiz. Qolganini vaqt ko‘rsatadi.