Paxtakor klubi xodimlarining xatti-harakati Tartib-intizom qo‘mitasiga oshiriladi

Superliga 9-turidan o‘rin olgan Paxtakor — Qizilqum uchrashuvi yakunida mezbon jamoa xodimlari Ilhom Yakvalxo‘jayev hamda Nodirxo‘ja Yo‘ldoshev nomaqbul harakatlarni amalga oshirdi. Endilikda mazkur ish Tartib-intizom qo‘mitasida ko‘rib chiqiladi. 

Superliga va Proliga reglamenti”ning 23-bobi hakamlar qaroriga shikoyat yoki e’tiroz bildirish uchun ajratilgan bo‘lsa-da, Paxtakor klubining yuqorida ko‘rsatilgan xodimlari reglamentga amal qilmay, uchrashuv hakamlariga nisbatan juda qo‘pol munosabatda bo‘ldi. Yo‘ldoshev texnik zonada hakamni kurakda turmaydigan so‘zlar bilan haqorat qildi, shuningdek, uchrashuv komissarining ish faoliyatiga halal berishga urindi. Yakvalxo‘jayev esa stadionning VIP tribunasidan turib o‘ta qo‘pol so‘zlar ishlatgani yetmaganidek, keyinchalik hakamlar xonasiga bostirib kirishga uringan. Oqibatda har ikki holatda ham masalaga Milliy gvardiya xodimlari aralashgan.

Paxtakor klubi rasmiylari uchrashuv yakuniga yetganidan keyingi yarim soat davomida hakamlikka nisbatan shikoyat kiritmagan. Bu esa klub personalida yakdil pozitsiya mavjud emasligini bildiradi. Biroq Liga komissari stadionni tark etib, o‘z ish joyiga kelganidan keyingina Paxtakor texnik direktori telefon orqali aloqaga chiqib, hakamlik sifatiga nisbatan e’tiroz kiritmoqchi ekanligini bildirgan. Komissar reglamentning 23.2-bandidan kelib chiqib, e’tiroz qabul qilishni rad etgan. Birinchidan, klub belgilangan vaqtga amal qilmagan, ikkinchidan esa e’tiroz yoki shikoyat texnik direktor emas, balki bosh murabbiy yoki sport direktori tomonidan qaydnomaga kiritilishi va imzolanishi lozim.

Qo‘shimchasiga, Paxtakor klubi matbuot xizmatining yana bir vakili Behzod Nazarov media tribunada stadionga tashrif buyurgan OAV vakillarining ish faoliyatiga halal berib, butun uchrashuv davomida juda qo‘pol so‘zlar bilan so‘kinib o‘tirgan. Bu kabi holat Nazarov bilan ilk bor sodir bo‘layotgani yo‘q. O‘tgan mavsumda mutaxassis shunga o‘xshash holat uchun jarimaga tortilgandi. Afsuski, OAV bilan ishlash bo‘limi o‘zini professional tomondan tutish o‘rniga, yuqoridagi kabi hunuk holatlarga sababchi bo‘lmoqda. Bu esa Liganing e’tiboridan chetda qolmaydi. Shuningdek, Paxtakor matbuot xizmati klub rasmiy telegram kanalida bildirgan fikrlar uchun javob berishiga to‘g‘ri keladi. 

Liga Paxtakor matbuot xizmatiga o‘z vazifasiga professional yondashishni tavsiya qiladi. Boisi, Qizilqum bilan uchrashuv yakunida matbuot anjumanida Liga tomonidan OAV vakillari uchun taqdim etilgan akkreditatsiya bilan emas, balki klub tomonidan berilgan boshqa akkreditatsiya bilan ishtirok etgan xodim tomonidan murabbiylarga provokatsion savollar berilgani aniqlangan. Matbuot anjumanida ruxsat etilmagan shaxsning ishtirok etishi masalasi ham Liga tomonidan alohida ko‘rib chiqiladi va jazoga tortiladi. 

Matbuot anjumanida Paxtakor klubi ustozi Maksim Shatskix klub homiysi Ligaga texnika sotib olib berish taklifini bergani va mazkur taklif rad etilgani to‘g‘risida fikr yuritgan. Liga Shatskixdan mazkur fikrini faktlar bilan konkret asoslab berishini talab qiladi. Umid qilamizki, murabbiy buning uddasidan chiqa oladi. Agar eplay olmasa, OAV bilan keyingi uchrashuvda mazkur fikrlariga qo‘shimcha izoh beradi.

mib
uzcard
cola
apex
bmb