Superliga 9-turidan o‘rin olgan Nasaf – Dinamo (1:1) uchrashuvidan so‘ng mezbonlar bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
Og‘ir uchrashuv bo‘ldi. Kamchilikda harakat qilish istalgan jamoaga qiyinchilik tug‘diradi. Dinamo to‘pni yaxshi nazorat qiladi. Shunga qaramasdan, yaxshi himoyalandik va vaziyatlar yaratdik. Ulardan foydalanganimizda, g‘alabani saqlab qolgan bo‘lardik. Ammo, bugun 2 ochko yo‘qotdik.
Biz xotirjammiz. Yangi kelgan futbolchilardan ko‘prog‘ini kutgan edik. Bu esa quvonarli holat emas. Bu borada ular bilan alohida suhbatlashyapmiz, ruhiy dalda berishga intilyapmiz. O‘ylaymanki, ularning jamoamizga albatta foydasi tegadi.
O‘tgan mavsum OChLda ishtirok etdik, yuqori o‘rinni egalladik. Shu sababli bu mavsum maqsad katta qo‘yildi va tarkibga ko‘proq tajribali futbolchilarni jalb qildik. So‘nggi ikki yilda yoshlarga nisbatan kamroq imkon beryapmiz. Bunga imkoniyat bo‘lmayapti. Chunki, o‘tkinchi o‘yin yo‘q.
G‘aybullayevning kizil kartochkasi biz uchun og‘ir keldi. 80 daqiqa davomida bir kishi kam bo‘lib harakat qildik.
Dinamo bugun 5 himoyachi bilan bellashuvni boshladi. Men buni taxmin qilgan edim, ammo, kutmagan edim. Abramov ochiq, hujumkor o‘yinni xush ko‘radi. Samarqandliklar so‘nggi soniyalargacha kurash olib borishini ta’kidlagan bo‘lardim. Jamoa tarkibida ham tajribali futbolchilar bor. Menimcha, natija o‘yindan o‘yinga yaxshilanib boradi.
Bozorovda ilk daqiqalardanoq qulay imkoniyat bo‘ldi. Ikkinchi bo‘limda esa bo‘sh qolgan darvozaga to‘pni to‘g‘ri yo‘llay olmadi. Biz undan yetakchilikni talab qilamiz. Uning darajasidagi futbolchi aynan shunday bellashuvlarda jamoaga yordam berishi lozim. Shu sababli uni zaxiraga oldim.
Superkubok oldidan bizda markaziy himoyachi borasida muammolar yuzaga kelmoqda. Bu tashvishli holat. Ichki imkoniyatlarimizdan foydalanishga harakat qilamiz.