Superliga 9-turidan o‘rin olgan Metallurg – Navbahor (1:1) uchrashuvidan so‘ng mezbonlar bosh murabbiyi Vesko Steshevich o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
Birinchi navbatda futbolchilarimiz haqida iliq fikrlar aytmoqchiman. Ular bugun Superliganing eng kuchli jamoalaridan biri bilan bahsda durangga erishdilar. Biz o‘yinni yomon boshlamadik va 15 daqiqa davomida uni nazorat qildik. Menimcha, o‘tkazib yuborilgan golimizda qoida buzilgan edi. Albatta, Tabatadze bu vaziyatda o‘z darajasini namoyish eta oldi. Bu bizga ta’sir o‘tkazmasdan qolmadi. Ikkinchi bo‘limda muvozanatni tiklash uchun hujumlarga zo‘r berdik va bahs so‘nggida bunga erishdik. Menimcha, bunga haqli edik.
Musobaqa jadvalidagi bizning va Navbahorning o‘rnidan kelib chiqsak, ushbu durang bizni albatta qoniqtiradi. Ammo, yuqorida ta’kidlaganimdek, gol bizga salbiy ta’sir qildi. Bugun g‘alaba qozonmagan bo‘lsak-da, futbolchilarim maqtovga loyiq.