Superliga 7-turidan o‘rin olgan So‘g‘diyona 1:2 Navbahor o‘yinidan keyin Navbahor futbolchilari O‘tkir Yusupov hamda Abror Ismoilov g‘alabani raqib jamoa muxlislari qarshisida nomaqbul harakat bilan nishonlagandi.
Tartib-intizom qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishida mazkur masala ham ko‘rib chiqildi. Yakunda har ikki futbolchi jarimaga tortildi. Biroq O‘tkir Yusupov Superliga 8-turidan o‘rin olgan Neftchi klubiga qarshi o‘yinda ham avvalgi holatdan xulosa chiqarmagani uchun ikki karra ko‘proq jarima to‘laydigan bo‘ldi.
Shuningdek, So‘g‘diyona va Navbahor klubi ustozlari Ivan Boshkovich hamda Samvel Babayan o‘zaro bellashuv davomida texnika zonada o‘zini tutish qoidalariga bir necha bor amal qilmay, provokatsion xatti-harakatlarni amalga oshirgani uchun jarima to‘laydigan bo‘ldi.
8-turdan o‘rin olgan Andijon — Metallurg uchrashuvida mehmon jamoa shifokoriga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lgan Vladimir Bubanyaning litsenziyasi vaqtincha qaytarib olingandi. Qo‘mita holatni o‘rganib chiqib, boshlanishiga Bubanyaga nisbatan jarima intizom chorasi qo‘llashga qaror qildi. Bu kabi holat takrorlansa, Bubanya bir yoki bir necha rasmiy uchrashuvni o‘tkazib yuborishiga to‘g‘ri keladi.