O‘zbekiston Superligasi 8-turi doirasidat o‘z maydonida Lokomotivni mag‘lub etib mavsumdagi birinchi g‘alabasiga erishgan Bunyodkor klubi ustozi Ilyos Zeytullayev ilk 3 ochko, tanaffusdagi holat, darvozabon hamda uslub haqidagi savollarga javob berdi.
Ochig‘i, hali g‘alaba quvonchi tark etmadi. Futbolchilarga o‘yin uchun, ayniqsa ikkinchi taym uchun rahmat. Bugun futbolchilar shijoat ko‘rsatishdi. Tan olish lozim, bugun raqib bizga qiyinchilik tug‘dira oldi. Birinchi taym aynan Lokomotiv ustunligida o‘tdi. Tanaffus chog‘ida kiyim almashtirish xonasida futbolchilarimizning ko‘zidagi shijoatni ko‘rdim. Shu bois, ikkinchi taymga umuman boshqacha jamoa bo‘lib tushdik. Yo‘ldoshev, Izzatov va Frane ikkinchi taymda jamoamiz o‘yinini belgilab berishdi. Ular paslar orqali raqib darvozasi yaqiniga kela olishdi. Yakunda esa uzoq kutilgan g‘alabaga erishdik. Futbolchilar haqiqiy jangda g‘alaba qozonishdi.
Agar muxlis bo‘lib stadionga kirganimda bugungi o‘yin menga yoqqan bo‘lardi deya olaman. Ayniqsa, ikkinchi taym davomida ikkala jamoa tomonidan ham jang ko‘rdik. Futbolchilar yangi uslubga tez kirishib keta olishdi. Hali qiladigan ishlarimiz talaygina. Ammo, shogirdlarimning ishga bo‘lgan munosabati meni quvontiryapti.
Lyubich bugun yomon o‘ynamadi. Darvozabon sifatida uning harakatlari menga manzur bo‘layapti. Uni ortiqcha maqtamoqchi emasman, shunchaki u tanqidga loyiq ham o‘yin ko‘rsatmadi. Sarvar haqida ham shunday fikr aytish mumkin. U ham biz uchun muhim o‘yinchi.
Bugun g‘alaba qozona olmasak poyezd ketib qolardi va raqiblarga yetib olish vazifasi qiyinlashardi. Shukrki, bugun g‘alaba qozona oldik. Bugun maydon chetida juda asabiylashib ehtiroslarga berildim, bu albatta xunuk ko‘ringan bo‘lishi mumkin. Buning uchun uzr so‘rayman. Futbolchilarga oson, ular maydonda ehtiroslarini unutishlari mumkin. Ammo, maydon chetida o‘yinni kuzatish va ko‘rsatma berish murabbiylarga oson emas.
O‘zimni boshqa kuchli murabbiylardek tutmayman. Albatta, ancha yillar avval Gasperini, Sarri kabi kuchli murabbiylar qo‘l ostida shug‘ullanganman. Ammo, meni o‘z qarashlarim bor. Hozir chiroyli o‘yin haqida o‘ylamayapmiz. Hozir biz uchun natija muhim.