Superliga 7-turidan o‘rin olgan So‘g‘diyona — Navbahor uchrashuvidan so‘ng Liga mehmonlar posboni O‘tkir Yusupovning ishi Tartib-intizom qo‘mitasi tomonidan ko‘rib chiqilishi yuzasidan ma’lumot taqdim etgandi.
Keyinroq Yusupov mahalliy nashrlar bilan suhbatda mazkur mavzuga to‘xtalib o‘tdi va o‘lchov barchaga birdek emasligini qayd etdi. Qo‘shimchasiga, Yusupov Superliga 8-turi doirasida bo‘lib o‘tgan Neftchi klubiga qarshi o‘yindan keyin ham g‘alabani birinchi navbatda mehmon muxlislar qarshisida nishonlashga oshiqdi.
Liga milliy terma jamoa posboni sifatida Yusupovni hurmat qiladi va qat’iy ravishda ogohlantiradi: darvozabon kelgusida ham bunday xatti-harakatni amalga oshirsa, unga nisbatan keskin chora ko‘riladi. Har qanday professional futbolchi provokatsiyalarga e’tibor qilmasligi va albatta jamoatchilikni junbushga keltirishi mumkin bo‘lgan xatti-harakatdan tiyilishi shart. Bunga amal qilmagan futbolchi milliy terma jamoa a’zosi bo‘lgan taqdirida ham Liga musobaqalariga qo‘yilmaydi. Professional futbolchida stadionga tashrif buyurgan har bir muxlisga javob qaytarish imkoniyati mavjud emas, har qanday provokatsiya uchun eng munosib jazo — yaxshi futbol orqali g‘olib chiqishdir.
Shuningdek, Liga Yusupovga 2022-yilgi mavsumda Paxtakor stadionidagi xatti-harakatlari va unga nisbatan chiqarilgan qarorni, qo‘shimchasiga, u nazarda tutgan So‘g‘diyona posbonining 2023-yilgi mavsum Farg‘onadagi xatti-harakati uchun olgan sanksiyasini eslatib o‘tadi. O‘FA tegishli qo‘mitalari va Liga uchun har qanday jamoa va futbolchi teng huquqli, shu bilan birga, rasmiy uchrashuv davomida birdek mas’uliyatli hisoblanadi. O‘zini bundan alohida hisoblagan futbolchi yoki rasmiyga esa litsenziya taqdim etilmaydi.
Ma’lumot uchun, har qanday futbolchi, rasmiy va klubda tegishli qo‘mita qaroridan norozi bo‘lgan taqdirida O‘FA Apellyatsiya qo‘mitasiga murojaat qilish huquqi mavjud.