Superliga 8-turidan o‘rin olgan Andijon — Metallurg uchrashuviga qo‘shib berilgan daqiqalarda Bobur arena bilan bog‘liq ko‘ngilsiz holat ro‘y berdi. Muxlislar tomonidan maydonga uloqtirilgan jismlardan biri Metallurg shifokorining boshiga tegib, uni jarohatladi.
Bobur arenaga tashrif buyurayotgan andijonlik ishqibozlar o‘z faolligi va ajoyib harakatlari bilan ajralib turgan bo‘lsa-da, ayrim kishilarning mana shunday xatti-harakatlari futbol go‘zalligiga putur yetkazayotgani achinarli holat. Afsuski, klub va sektorlarda joylashgan faollarning bunday harakatlarga qarshi kurashi samara berayotgani yo‘q. Muxlislar harakati Tartib-intizom qo‘mitasi tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Shuningdek, Metallurg shifokori jarohat olgan vaziyatda Andijon futbolchisi Vladimir Bubanya o‘zini professional futbolchiga xos tarzda tuta bilmadi. Jamoa yetakchisi sifatida u muxlislarni tinchlantirish o‘rniga, jarohatlangan shifokorga nisbatan qo‘pol harakatlarni amalga oshirdi. Liga futbolchining bu kabi harakatiga toqat qilmaydi. Futbolchilar salomatligi uchun mas’ul shaxsga nisbatan xatti-harakati uchun Bubanyaga Liga tomonidan berilgan litsenziya vaqtinchalik qaytarib olinadi. Tartib-intizom qo‘mitasining qaroridan keyingina mazkur masala tartibga solinadi.