Qirg‘izistonning Jalol-Obod shahrida Qurmanbek nomidagi stadion ta’mirlash ishlaridan so‘ng foydalanishga topshirildi. Ayni vaqtda uning futbol maydoni sifatli ko‘rinish aks etgan.
Maydon o‘zbekistonlik mutaxassislar tomonidan yangilandi. Arenaga hibrid maysa yotqizildi. Sir emaski, so‘nggi 4 yilda Superliga maydonlari navbatma-navbat zamonaviy ko‘rinishga keltirilmoqda. Maysadan tashqari drenaj va sug‘orish tizimlari talab darajasiga keltirilgan. Bu esa o‘z navbatida qo‘shni mamlakatlar futbol jamoatchiligining e’tiboridan chetda qolmayapti va tabiiyki, o‘zbekistonlik mutaxassislarga bo‘lgan qiziqish ortib bormoqda.
Endilikda yangi ko‘rinish xosil qilgan Qurmanbek stadionida Qirg‘iziston Premiyer Ligasi doirasida Muras Yunayted jamoasi o‘z uy o‘yinlarini o‘tkazadi. Shuningdek, Bishkek shahrida ham 1 ta sun’iy va 1 ta hibrid zamonaviy futbol maydoni bunyod etilishi ko‘zda tutilgan. Mazkur arenalar maydoni ustida ham o‘zbekistonlik mutaxassislar faoliyat olib borayotganini qayd etish kerak. Ular bunga qadar Andijon, Namangan, Farg‘ona, Olmaliq, Samarqand, Buxoro, Qarshi, Termiz va Toshkent shahridagi 2 ta futbol maydonini yangilagandi.