2023-yilning 11-aprel kuni Liga Samarqand viloyati hokimligiga rasmiy xat yo‘llab, Dinamo klubi ehtimoliy Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritsa, Dinamo stadioni 2024-yilgi mavsumdan boshlab chempionat o‘yinlarini qabul qila olmasligini ma’lum qilgandi. Oradan 8 oy o‘tib, Dinamo stadioni maysasi, drenaj va sug‘orish tizimini yangilash ishlari boshlandi.
Shu yilning 15-may kuni Dinamo klubi Ligaga murojaat qilib, Dinamo stadioni mavsumga tayyor qilingani va uni qabul qilib olish uchun mutaxassislar yuborishni so‘radi. Viloyat hokimligi esa 20-may kungi Dinamo — Paxtakor uchrashuvini Dinamo stadionida o‘tkazish istagini bildirdi.
“Superliga va Proliga reglamenti”ning 11.3-bandida futbol klubi uy uchrashuvlarini o‘tkazuvchi va zaxira stadionlari aktini rasmiy uchrashuv sanasidan kamida uch hafta avval Ligaga taqdim etishi lozimligi ko‘rsatilgan. 15.8-bandda esa futbol klubi uchrashuv startiga 20 kundan kam bo‘lmagan muddatda Ligaga mazkur uchrashuv sanasi yoki vaqtini o‘zgartirish borasida batafsil asoslantirilgan murojaat bilan chiqishga haqli ekani qayd etilgan. Biroq rasmiy uchrashuv startiga 5 kun muddat qolgan bir vaqtda mavsum uchun tayyor bo‘lmagan stadionda Superliga uchrashuvini o‘tkazish taklifi maqsadga muvofiq hisoblanmaydi. Bunga quyidagi sabablarni keltirish mumkin:
• Superliganing mehmon maqomidagi jamoasi safar o‘yini uchun yo‘l chiptalari hamda mehmonxonalarni kamida bir oy muqaddam buyurtma qiladi;
• O‘zFHM Superliga uchrashuvi o‘tadigan stadionda VAR texnikasi faoliyatini tashkil etish uchun kamida bir hafta avval tayyorgarlik boshlashi lozim;
• Superliga teletranslyatsiyasi huquqi egasi hisoblangan “Sport” telekanali har qanday rasmiy uchrashuv uchun rejalarini ikki hafta avval tasdiqlaydi.
Shunga qaramay, Liga o‘z mutaxassislarini 16-17 may kunlari Samarqand shahriga xizmat safariga yubordi. Dinamo stadionida olib borilgan o‘rganishlar natijasiga ko‘ra, stadion Superliga o‘yinlarini o‘tkazish uchun tayyor emas deb topildi. Boisi:
• stadion projektorlari ayni vaqtda 1258 lyuksni tashkil qiladi. Superliga stadioni uchun talab esa 1800 lyuks hisoblanadi;
• maydon atrofi rezina yoki sun’iy qoplama bilan emas, asfalt qoplama bilan o‘ralgan, bu esa sportchilar sog‘ligi uchun xavfli hisoblanadi;
• muxlislar joy olishi ko‘zda tutilgan ayrim tribunalarda beton qoplama emirilishi natijasida qattiq tosh bo‘laklari ajralib chiqqan, bu esa xavfsizlik talablariga mos kelmaydi;
• zaxira futbolchilari chigalyozdi mashg‘ulotlarini o‘tkazish uchun sharoit mavjud emas;
• stadion VAR hamda MTRK texnikasi faoliyat olib borishi uchun 100 mbit/s dan bo‘lgan alohida-alohida internet liniyasiga ega emas;
• stadion audiotizimida sozlash ishlari olib borilishi lozim;
• uchrashuv komissari xonasi Liga talabi darajasida jihozlanmagan;
• har ikki jamoaning zaxira futbolchilari va rasmiylari joy olishi lozim bo‘lgan texnik hudud Liga talabi darajasida emas.
Hozircha faqatgina Dinamo stadioni maydoni, maysasi, drenaj hamda sug‘orish tizimi yangilangan. Biroq mazkur ish bilan shug‘ullangan korxona mutaxassislari Liga bilan suhbatda kamida may oyi so‘ngiga qadar maydon maysasi rasmiy uchrashuvlarni qabul qilish uchun tayyor bo‘lmasligini bildirdi. Maydon mutaxassislari xulosasiga amal qilmay, maydonda biror tadbir o‘tkazilsa, korxona maydonning kelgusi holati yuzasidan javobgarlikni o‘z bo‘yniga olmasligini ma’lum qildi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Liga Dinamo stadioni hozircha Superliga uchrashuvlarini qabul qilish uchun tayyor emas degan xulosaga keldi. Stadionni tezroq tayyorlash va uning barcha talablarga javob berishi yuzasidan birgalikda ishlash borasida Liga Samarqand viloyati hokimligi hamda Dinamo futbol klubi bilan hamkorlikda faoliyat olib borishga tayyor.