Proliga 7-turidan so‘ng 10 ochko bilan 5-o‘rinni egallab turgan Xorazm amaldagi bosh murabbiy Ruslan Ahmedovni iste’foga chiqardi. Tomonlar o‘zaro kelishuv asosida shartnomani bekor qildi.
Uning o‘rniga rossiyalik mutaxassis Hakim Fuzaylov Xorazm klubi bosh murabbiyi etib tayinlandi. Mutaxassis klubni 2024-yilgi mavsum yakuniga qadar boshqarishi ko‘zda tutilgan.
Ma’lumot uchun, Hakim Fuzaylov Proligadagi muvaffaqiyatlari bilan yaxshi tanish. Jumladan, u 2021-yil Dinamo klubi bilan Proligada ishlagan bo‘lib, yakunda jamoani Superligaga olib chiqqandi. 2022-yil esa Buxoro klubi bilan Proligada muvaffaqiyatli ishtirok etib, mazkur jamoaning ham Superligaga yo‘l olishiga katta hissa qo‘shgandi.