Superliga 7-turidan o‘rin olgan Lokomotiv – OKMK (0:2) uchrashuvidan so‘ng mehmonlar bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
Ikkala jamoa uchun muhim o‘yin edi. Uchrashuv shiddatli va kurashlarga boy bo‘ldi. Lokomotiv ham juda yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan. Qolaversa, Navbahorga mag‘lubiyatga uchragandi va biz ham xuddi shunaqa vaziyatda edik. Shuning uchun ikkala jamoa uchun g‘alaba muhim edi. Golgacha o‘yin bo‘ldi. Uchrashuv boshlarida Lokomotivda ham, bizda ham imkoniyatlar bo‘ldi. Oxir-oqibat o‘yin oxirlarida gollar urdik. Kim gol ursa o‘sha jamoa yutib ketardi. Xudda shunaqa bo‘ldi. Ochkolar soni ham bir xil edi. Muxlislar ham oxirigacha bahsni kuzatishda davom etishdi. Jamoalar oxirigacha kurashishdi. Yutganimizdan xursandmiz. Turnir jadvalida zichlik. Oldin 6-7 ta turdan keyin kimdir oldinga o‘tib ketardi. O‘yinlar qiziqarli o‘tyapti.
Bugun hamma narsa bo‘lishi mumkin edi. Masalan, kecha Nasafning Bunyodkorga qarshi uchrashuvida ham uzun paslar va ko‘p kurashlarga boy o‘yin bo‘ldi. Bunyodkor 10 kishi bo‘lib qolishiga qaramasdan shiddatli himoyalandi va kerakli natijaga ega bo‘ldi. Futbol shunaqa, bilib bo‘lmaydi. O‘zimni jamoamga keladigan bo‘lsam, iloji boricha to‘p bilan muomala qilish, qanaqadir ma’no bo‘lishi uchun. Shunaqasini yoqtiraman.
Bu yigitlar nimaga qodir ekanligini bilaman. Maydon markazida Sanjar Tursunov va himoyada Anzurning imkoniyatlarini past baholashning iloji yo‘q. Yigitlarda katta tajriba bor. Ular uzoq vaqt davomida milliy terma jamoada o‘ynashgan. Shu sababli, bugun oson o‘yin bo‘lmadi.
Har xil o‘yin bo‘ladi. Masalan, yarq etib o‘ynaysizda, ammo mag‘lub bo‘lib chiqib ketishingiz mumkin. Muammo o‘yinchilarimizda bor, qolaversa himoyada. Jarohatlar ham bor. O‘tgan yili jarohatlagan futbolchilar hali ham jarohatidan forig‘ bo‘lmasdan yordam bera olishmayapti. Olimpiya terma jamoamizda masalan Fayzullayev, Erkinov va Husanov final oldidan ketishdi. Buni ham finalda ta’siri bo‘ldi. Ammo yigitlarimiz zo‘r o‘ynashdi. Haqli ravishda Kubokni Toshkentga olib kelishadi, deb o‘ylagandim. Lekin bunaqa vaziyat bo‘lishini hech kim kutmagandi. Biz ham to‘liq tarkib bilan o‘ynashni xohlardik.
Sanches ham, Gadoyev ham og‘ir jarohat olgan. Vaqt kerak, ba’zida yillar kerak bo‘ladi. O‘zim ham belimni operatsiya qildirganimda bir yildan ortiq o‘ynamaganman. Hammasiga sabr. Sport jarohat bilan. Statistika bo‘yicha futbol dunyo bo‘yicha eng ko‘p jarohat oladigan sport turi hisoblanadi.