Superliga 7-turidan o‘rin olgan Nasaf – Bunyodkor (0:0) uchrashuvidan so‘ng mezbonlar bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
Ko‘p hujum qildik, ammo hisobni ocholmadik. Vaziyatlar haqida gapirmayman. Biz raqibning rejasini buza olmadik. Qolaversa, Bunyodkor darvozabonini alohida ta’kidlagan bo‘lardim. U bugungi bahsning qahramoniga aylandi.
Futbolchilarga ko‘proq zarba yo‘llab, standart vaziyatlardan foydalanishlari kerakligini ta’kidlagan edim. Raqib tempni tushirib, himoyaga e’tibor qaratib, imkoni bo‘lsa qarshi hujumlarga o‘tishni reja qilgan edi. O‘yin ularning rejasi asosida kechdi. Yigitlar kurashishdi, g‘alabaga intilishdi, ammo bu futbol.
Da Silva omadsiz transfer emas, u bilan bog‘liq muammo yo‘q. Natija bo‘lmaganida barcha jamoadagilarni ayblash mumkin. U bizning futbolga ko‘nikishi uchun vaqt kerak. Viktorga bo‘sh hududlar ochib berish lozim. Raqib zich himoyalanganda, istalgan futbolchiga qiyin bo‘ladi. Maydonda kim yaxshiroq bo‘lsa, o‘sha harakat qilmoqda. O‘ylashimcha, bitta futbolchiga e’tibor qaratish noto‘g‘ri.
OKMK bilan ochiq futbol bo‘lgan edi. Shu sababli gollar ko‘p bo‘lgan, hisob esa yirik ko‘rinish olgan edi. Bugun esa raqib to‘liq himoyalandi. Bunyodkor bir kishi kam bo‘lib qolganida 8-1 sxemasida harakat qildi. Bunday holatlarda biz ba’zan shoshilyapmiz, ba’zida esa vaziyatlarni golga aylantira olmayapmiz. Bugun ham shoshilganimiz uchun uzatmalarda xatoliklar ko‘p bo‘ldi.
Davronov hamda Abdurahmatovning yo‘qligi qiyinchilik tug‘dirmoqda. Bugun Golbanga imkoniyat bergan edik, jarohatidan to‘liq tiklanib ulgurmagani sababli uni yana zaxiraga olishga majbur bo‘ldik. Alibek OKMK bilan uchrashuvda kichik jarohat olgan edi va shu sababli unga dam olish imkonini bergan edik. Zafarmurod kecha mashg‘ulotlarda qatnashdi. Bugun esa belidagi og‘riq sababli qaydnomaga kiritilmadi. Biz uning xizmatlaridan foydalanishni rejalashtirgan edik.