Butunjahon professional futbolchilar assotsiatsiyalarini o‘zida birlashtirgan FIFPRO tashkilotining Osiyo-Okeaniya tuzilmasi 7-9-may kunlari Singapurda o‘zining bosh assambleyasini o‘tkazdi.
Unda tashkilotning Osiyo va Okeaniya qit’alarida joylashgan a’zo uyushmalari bilan bir qatorda qit’aning yetakchi ligalari vakillari ham ishtirok etdi.
Butun jahonda professional futbolchilarning manfaatlarini himoya qiladigan mazkur tashkilotning bosh assambleyasida professional musobaqalar va ularning ishtirokchilari o‘rtasidagi munosabat, musobaqalarni rejalashtirish va o‘tkazishda futbolchilarning sog‘ligi va imkoniyatlari darajasini inobatga olish, shuningdek futbolchilar uyushmalari va ligalar, shuningdek klublar o‘rtasidagi munosabatlarni to‘g‘ri va o‘zaro hamkorlikka asoslangan holda tashkil qilish kabi masalalar muhokama qilindi.
Assembleyada O‘zbekiston futbolchilari uyushmasi doimiy ishtirokchi sifatida qatnashgan bo‘lsa, FIFPRO bu safar Yaponiya Jey-Ligasi va O‘zbekiston Professional futbol ligasi vakillarini ham taklif etib, Ligalar va Futbolchilar uyushmalari o‘zaro munosabatlari va ish faoliyati qanday yo‘lga qo‘yilgani xususida tajribalar bilan o‘rtoqlashishni so‘radi.
O‘zPFL O‘zbekiston futbolchilari uyushmasi bilan o‘zaro yaxshi munosabatlarni yo‘lga qo‘ygan va uyushmadan futbolchilar manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha kelib tushadigan murojaatlarni hamisha hal etishda yaqindan ko‘mak ko‘rsatib kelyapti.