Superliga 6-turidan o‘rin olgan OKMK – Nasaf (3:4) uchrashuvidan so‘ng mezbonlar bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov o‘z fikrlarini bildirib ztdi.
Avvalo o‘yinga bahoni muxlislar beradi. Ammo, o‘ylashimcha, qiziqarli va mazmunli uchrashuv bo‘ldi. Nasaf to‘p bilan muomala, bir birini tushunib o‘ynash borasida yaxshi shakllangan jamoa sanaladi. Bellashuvdan avval yigitlarga qarshi hujumlarni o‘tkazib yubormaslikni ta’kidlagan edim. Ikki, uch va to‘rtinchi golda shu jihatda oqsadik. O‘ylaymanki, bahs muxlislarga yoqdi. Nasaf haqli g‘alabaga erishdi. Meni quvontirgan jihat esa 1:4 holatidan o‘yinga qayta oldik. Muxlislardan bugungi mag‘lubiyat uchun uzr so‘rayman.
Nasafning Andijonga qarshi bahslarini ham, undan oldingilarini ham o‘rganib chiqqan edik. Raqib 2-3 uzatma bilan xavfli vaziyat yarata oladigan jamoa sanaladi. To‘xtaxo‘jayevning jarohati bor edi. Shu sababli yarim himoyachilarning xizmatlaridan foydalandik.
Jamoamizda avlodlar almashinuvi ketmoqda. OKMK rahbari Abdulla Xursanovga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Klub akademiyasi ustida ishlar ketmoqda. Aynan o‘z akademiyamimzdan 50 foiz futbolchilarni yetishtira olsak, poydevorimiz baquvvat bo‘ladi. Bu oson ish emas. Akademiyamizni ishga tushira olsak, mahalliy yoshlarga ham imkoniyat ko‘proq tug‘iladi. Bundan tashqari, o‘nga yaqin futbolchi tarkibda yangi kelib qo‘shilishdi. Tarkibni to‘liq yoshartirib yuborish ham unchalik to‘g‘ri bo‘lmaydi. Bunga biroz vaqt kerak.