Ayni vaqtda U23 O‘zbekiston terma jamoasi Qatarda bo‘lib turibdi. Ertaga — 3-may kuni jamoamiz U23 Osiyo kubogining final uchrashuvida Yaponiyaga qarshi saf tortadi.
Mazkur bellashuv oldidan Temur Kapadze Superliga 6-turidan o‘rin olgan Dinamo’ga qarshi bellashuvni qoldirishni so‘radi. Terma jamoa a’zolari 4-may kuni tongda Toshkentga etib keladi. Liga termamizning ehtimoliy finalda to‘p surishini inobatga olib, Olimpik ishtirokidagi bellashuvni turning eng so‘nggi kuni — 7-mayga belgilagan edi. Shunday bo‘lsa-da, mavjud holat inobatga olinib, Liga Kapadzening taklifini bu safar ham qanoatlantirishga qaror qildi.
Shuningdek, 7-may kungi 1 ta o‘yin qoldirilganidan kelib chiqib, o‘sha uchrashuv uchun rejalashtirilgan texnika bilan Paxtakor — Metallurg uchrashuvi o‘tkazilishi yuzasidan kelishildi. Ya’ni, Paxtakor ishtirokidagi o‘yin 6-may sanasidan 7-mayga ko‘chirildi.
Ma’lumot uchun, U23 O‘zbekiston terma jamoasining Osiyo kubogiga jo‘nab ketishi oldidan Superliga 5-turidan o‘rin olgan uch uchrashuv: Nasaf — Navbahor, Neftchi — Paxtakor, Metallurg — Olimpik bellashuvlari ham qoldirilgandi. Endilikda qoldirilgan bellashuvlar soni 4 tani tashkil etmoqda. Ularning qachon o‘tkazilishi keyinroq ma’lum qilinadi.