Ertaga U19 chempionatida 2-tur bellashuvlari bo‘lib o‘tadi. Liga o‘tgan to‘rt yillik natijalarini tahlil qilishda davom etadi.
O‘tgan hafta U19 chempionatining dastlabki to‘rt mavsumi yakuniga ko‘ra turnir jadvallari e’lon qilingandi. Hozircha Nasaf, Neftchi, Navbahor va Metallurg jamoalari mazkur musobaqada bir marta g‘olib chiqishning uddasidan chiqa olgan. Biror jamoa ketma-ket to‘rt mavsum davomida sovrindorlar qatorida bo‘lish nasib qilmagan.
U19 chempionatida natija muhim hisoblanmaydi. U19 jamoasi U21 jamoasi uchun ko‘prik vazifasini o‘tab beradi. Agar futbolchi Abbos Fayzullaev kabi o‘ta iqtidorli bo‘lsa, U19 jamoasini chetlab o‘tib, darhol asosiy tarkib mashg‘ulotlariga ham qo‘shilishi mumkin.
So‘nggi to‘rt yillikning umumiy natijasiga ko‘ra Navbahor U19 ustunlik qilmoqda. Namanganlik yoshlar musobaqada hozirga qadar 51 ta uchrashuvda zafar quchishning uddasidan chiqa olgan va umumiy hisobda 165 ochko jamg‘arishga erishgan. Paxtakor 162 ochkoga ega, Nasaf esa 157 ochko bilan kuchli uchlikni yakunlagan.
Neftchi mana shu yetakchilar kabi to‘rt emas, 3 ta musobaqada ishtirok etgan. Sababi musobaqa o‘zining ilk mavsumida faqatgina Superliga yoshlarini jamlagandi. 2021-yildan e’tiboran Proliga jamoalari ham unda ishtirok etishni boshlagan. Shunga qaramay, Neftchi umumiy hisobda 6-o‘rinda bormoqda. Farg‘onalik yoshlar debyut mavsumdayoq oltin medallarga ega chiqqandi.
Eng ko‘p gol urish borasida ham to‘rt yillik sarhisobiga ko‘ra namanganlik yoshlar peshqadam. Nasaf esa nisbatan kamroq to‘p o‘tkazib yuborgani bilan maqtanishi mumkin.