Metallurg O‘zbekiston kubogidagi 1 ta o‘yinni Bekobodda o‘tkazadi

Bekoboddagi stadion Superliga va Proliga klublari maydoniga qo‘yilgan talabga mos kelmagach, Metallurg o‘z shahrida uy o‘yinlarini qabul qila olmayapti va Superliga doirasida raqiblarini OKMK stadionida qabul qilmoqda. 

O‘zbekiston kubogi guruh bosqichi doirasida Metallurg Neftchi, Do‘stlik Toshkent va Sirdaryo FA jamoalariga qarshi kurash olib boradi. Mana shu raqiblardan faqatgina Sirdaryo FA bilan uy uchrashuvida, qolgan ikki raqib bilan esa safar o‘yinlarida ishtirok etadi. 

O‘zbekiston kubogida maydonlar bo‘yicha talab nisbatan yumshoq. Boisi unda Birinchi liga jamoalari ham o‘z omadini sinab ko‘radi. Mazkur jamoalar maydoni minimal talabga javob bersa, unda Superliga klubi ham mehmon bo‘lishi mumkin. Aks holda mezbon jamoa yo boshqa neytral stadion topadi yoki raqib maydoniga safar etadi. 

Mazkur holatni inobatga olib, Metallurg guruh bosqichi doirasidagi yagona uy uchrashuvini Bekobodda o‘tkazish masalasida ruxsat so‘radi va Liga bu taklifni qabul qildi. 12-aprel kuni Metallurg Bekobod shahrida Sirdaryo FA jamoasini qabul qiladi. Bu bilan klub OKMK maydoni uchun to‘lanayotgan ijara summasini iqtisod qiladi, qo‘shimchasiga, OKMK maydoni 1 ta qo‘shimcha yuklamadan xalos bo‘ladi. 

Metallurg’ning Superliga doirasida Bekobodga qachon qaytishi ma’lum emas. Hammasi klubning o‘ziga bog‘liq. Mazkur masala Bekobod shahridagi stadion Liga talablariga moslab ta’mirdan chiqarilgach, qayta ko‘rib chiqiladi.

mib
uzcard
cola
apex
bmb