U19 chempionati. Bugun beshinchi mavsum start oldi. Tarixga nazar

U19 chempionati Liga tomonidan asos solingan va bo‘lajak iqtidorlarni o‘zida jamlagan musobaqa hisoblanadi. Bugun — 11-aprel kuni uning beshinchi mavsumiga start berildi. 

Mazkur musobaqada Superliga va Proliga klublari qoshidagi U19 jamoalari g‘oliblik uchun kurash olib boradi. Joriy mavsum 2005-yil va undan keyin tug‘ilgan futbolchilar ro‘yxatdan o‘tkazildi. Faqatgina darvozabonlar uchun yosh chegarasi 2004-yil va undan kichik etib belgilangan. 

2020-yil mazkur musobaqa U18 chempionati sifatida tashkil etilgan va unda faqatgina Superliga tarbiyalanuvchilari g‘oliblik uchun kurash olib borgan. Pandemiya avgust oyiga qadar futbol uchrashuvlarini tashkil etishda muammolar keltirib chiqardi. Shuning uchun jamoalar faqatgina bir davradagi 13 tadan bellashuvda ishtirok etgan. Yakunda Nasaf, Navbahor, Lokomotiv tarbiyalanuvchilari kuchli uchlikdan joy olgan. 

2021-yildan boshlab Proliga jamoalari ham musobaqaga jalb etildi. Boisi, Liga Proliga klublariga ham litsenziyalash masalasida jiddiy talablar qo‘ydi. Natijada U18 chempionati ishtirokchilari soni 24 taga yetdi. Neftchi, Paxtakor, Navbahor kuchli uchlikdan joy oldi. 

2022-yilga kelib musobaqa U19 chempionatiga aylandi. 24 jamoa orasidan Aral samali musobaqada ishtirok eta olmadi va Proligadan chetlashtirildi. 23 jamoa orasidagi kurashda Navbahor endi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Paxtakor va Andijon kuchli uchlikni yakunladi. 

2023-yil intriga jihatdan eng yaxshisi bo‘ldi. Musobaqa jadvaliga nazar solinsa, 5 ta jamoa g‘oliblik uchun kurashganini ko‘rish mumkin. So‘nggi turda Nasaf va Mash’al o‘zaro durang o‘ynashidan foydalanib, Metallurg g‘oliblikni ilib ketdi. 

Liganing mazkur musobaqasida faoliyatini boshlagan ayrim futbolchilar bugun milliy terma jamoaga qadar bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi. Olimpiyachilarning katta qismi bu yo‘ldan o‘tdi. Yoshlar terma jamoalarining asosiy futbolchilari shu yerda etishyapti. Klublar U21 chempionati uchun seleksiya ishlarini aynan shu yerda olib borayotgani ham bejiz emas.

Musobaqa Liga istagan formatga yetib kelishi va klublar tomonidan strukturaning bir qismi sifatida tan olinishi uchun vaqt ketdi. 2024-yilga kelib Liga talabni qat’iylashtirdi, bu haqda klublar 1,5 yil avval ogohlantirilgandi. Endi Liga U19 jamoasi a’zolarini katta jamoalar kabi MyLeague onlayn platformasidan ro‘yxatdan o‘tkaza boshladi. Bu yosh futbolchining katta futbol oldidan hujjatlarini tartibga keltirishda muhim rol o‘ynaydi. Qanday qilib deysizmi?

Avvalgi yillarda ayrim klublar faqatgina U19 jamoasiga ega bo‘lishi shartligidan kelib chiqib, o‘ziga tegishli bo‘lmagan maktab va akademiyalardan tarkib yig‘ib keldi. 2024-yilga kelib esa futbolchining qaysi maktab yoki akademiyaga tegishli ekani, agar u klub tarbiyalanuvchisi bo‘lsa, uning futbolchi passporti qanday holatda ekani jiddiy nazoratdan o‘tdi. Birinchi navbatda Liga o‘sha ayrim klublar shunchaki foydalanib kelgan O‘FA qoshidagi futbol akademiyalarining barcha tarbiyalanuvchilarini MyLeague platformasiga kiritdi. Bu esa o‘z navbatida klublarni harakatga keltirdi. Endilikda biror futbolchining qaysi maktab yoki akademiyaga tegishli ekani, uning shu maktab yoki akademiyaga qabul qilinishi yoki undan ozod etilishi kabi masalalar tartib asosida yuritilishi monitoring qilinadi. MyLeague o‘zi ro‘yxatdan o‘tkazgan har bir futbolchi uchun FIFA orqali tegishli raqam oladi va mazkur tegishli raqam futbolchi o‘z faoliyatini yakunlaguniga qadar, unga tegishli bo‘ladi. 

Mana shu jarayonlar tartibga keltirilganidan keyingina U19 musobaqasi geografik nuqtai-nazardan ikkiga bo‘lindi. Ya’ni, dastlabki to‘rt mavsumda klublar U19 jamoasi uchun xarajatlarni smetada tartibga keltirib bordi. Keyinchalik futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibga keltirildi. Barcha masala to‘liq hal etilgach, musobaqa formati o‘zgardi. Endi jamoalar Sharq va G‘arb zonasida ishtirok etadi va uy-safar o‘yinlarini o‘tkazadi.

mib
uzcard
cola
apex
bmb