Bunyodkor U21 jamoasining so‘nggi g‘alabasi texnik mag‘lubiyatga aylandi

U21 chempionatining 5-turidan o‘rin olgan Bunyodkor U21 — Dinamo U21 uchrashuvi mezbonlarning 3:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakuniga yetgandi. Biroq o‘yin komissarining bildirgisidan kelib chiqib, Bunyodkor U21 texnik mag‘lubiyatga loyiq ko‘rildi. 

Superliga va Proliga reglamenti”ning 14.5-bandiga ko‘ra, U21 jamoasi uchrashuv qaydnomasiga 2001-yil va undan avval tug‘ilgan faqatgina ikki nafar futbolchini kirita oladi. 2001-yilda tug‘ilgan darvozabongina limitdan tashqari qaydnomaga kirishga haqli hisoblanadi. Dinamo U21 jamoasiga qarshi bellashuvda Bunyodkor U21 mazkur talabga zid ish ko‘rgan. Shu kuni uchrashuv qaydnomasidan 1997-yilda tug‘ilgan Marin Lyubich, 1995 hamda 1997-yilda tug‘ilgan Najmiddin Normurodov va Momcilo Raso kabi futbolchilar joy olgan. 

Mazkur holatlar inobatga olinib, Bunyodkor U21 jamoasiga 0:3 hisobida texnik mag‘lubiyat yozildi. Har ikki klubning bu boradagi kelishuv uchun harakati Liga tomonidan inobatga olinmadi. Reglament talabi barcha uchun bir hisoblanadi. 

Shuningdek, Liga uchrashuv komissarining e’tiborsizligi masalasini ham ko‘rib chiqdi. Komissar mazkur bellashuv uchun yozilishi kerak bo‘lgan gonorardan mahrum etildi va jiddiy ravishda ogohlantirildi. Mazkur masala Liga bilan hamkorlik qilayotgan qolgan komissarlar va hakamlar uchun namuna sifatida ko‘rsatiladi.

mib
uzcard
cola
apex
bmb