O‘zbekiston Superligasi 5-turida safarda Bunyodkor bilan durang o‘ynagan Dinamo klubi bosh murabbiyi Vadim Abramov durang haqida fikr bildirdi.
Birinchi taym bizning ustunligimizda o‘tdi. Vaziyatlarni golga aylantirishimiz kerak edi. Ikkinchi taym esa aksincha kechdi. Raqib ko‘proq vaziyat yaratdi, to‘pga egalik qildi. Biz ikkinchi taymda qarshi hujumlarga tayanib o‘ynashimiz kerak edi. Gol urishni uddalay olmadikmi, demak, hisob o‘yinga yarasha bo‘ldi. Samarqanddan bizni qo‘llab-quvvatlash uchun kelgan muxlislardan uzr so‘rashim kerak. Ularni xursand qila olmadik.
Fransis Narx bugun o‘zining darajasidan past o‘ynadi. Biz ham bundan xayronmiz. Ammo, u jangchi va jarohati bilan o‘ynadi. Shunday bo‘lsa-da, bugun biroz darajasidan pastroq o‘ynadi. Qarshi hujumlarga yaxshi qo‘shila olmadi. So‘nggi pasni bera olmadi.
Bunyodkor yaxshi jamoa. Avvalgi turda OKMKga qarshi o‘yinini ko‘rgandim. O‘sha o‘yinda ham yutqazmasligi kerak edi. Ularning natijalari menimcha o‘yinlariga mos emas.