Superliga 3-turidan o‘rin olgan OKMK – Dinamo (3:1) o‘yinidan so‘ng mezbonlar bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
Muhimi kerakli natijaga erishdik. Hech bir bahs oson kechmayapti. Raqib hali ochko olmagan edi. Abramovning uslubini ham yaxshi bilaman. Ikkala jamoa mazmunli o‘yin ko‘rsatdi. Hisob 2:1 vaqtida Ilyosov jamoamizni qutqardi va qarshi hujumda uchinchi to‘pni kiritdik. Agar, o‘sha vaziyat gol bilan tugaganida natija butunlay boshqacha tugashi ham mumkin edi.
To‘p uzatishdagi kichik xatolar sabab tashabbusni Dinamoga berib qo‘ydik. Biz doim hujumkor va ochiq futbol ko‘rsatishga intilamiz. Biz bilan o‘ynash juda ham oson.
Tarkibimizda iqtidorli yoshlar bor. Ular o‘zlarining ustida juda ham ko‘p ishlashlari lozim. O‘rinbosarlardagi futbolchilarni ham kuzatyapmiz. Agar, ular ham yaxshi harakat qilishsa, albatta imkon beriladi.
Bu yilgi mavsum haqida nimadir deyishga erta. Yil so‘nggiga qadar shunday kurashlar ko‘rsak kerak. Jamoalar bir-biriga tengroq tuyulmoqda. Ya’ni, peshqadam va autsayder yo‘qdek.