Superliga 3-turidan o‘rin olgan Bunyodkor hamda Navbahor (2:2) jamoalari o‘rtasidagi o‘yindan so‘ng mezbonlar murabbiyi Anvar G‘afurov o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
Tan olish lozim, juda ham yaxshi shakllangan jamoa bilan kuch sinashdik. O‘yingacha vaqtimiz u qadar ko‘p emas edi. Shunga qaramasdan, yigitlar yaxshi futbol ko‘rsatishdi. Biz ushbu uslubda o‘ynashga intilamiz. Futbolchilarimiz bugun borlarini berib harakat qilishdi va omad ham kulib boqdi.
Bellashuvdan oldin bir nechta reja bor edi. Mag‘lub bo‘layotganimizda rejani o‘zgartirishga qaror qildik. Boisi, 1:2 hisobida yengilamizmi yoki 1:3, buning ahamiyati yo‘q edi.
Navbahorda kuchli futbolchilar jam bo‘lgan. Shu sababli 90 daqiqa davomida yaxshi o‘yin namoyish eta olmagan bo‘lishimiz mumkin, ammo natija biz uchun ijobiy bo‘ldi.
Har bir futbolchi jamoaga kerakligini mashg‘ulot va o‘yinlarda isbotlashi lozim. Tarkibimizda 25 futbolchi mavjud. Har bir futbolchiga imkon beramiz. Bugun o‘z tarbiyalanuvchilarimizga tayandik. Boisi, men nima xohlashimni ular yaxshiroq tushunishadi. Zaxiradagi futbolchilarga esa shu o‘yinni davom ettirish kerakligini ta’kidladim. Raqibdan kelib chiqib uslubimizni biroz o‘zgartirishimiz mumkin.
O‘yindan oldin va uchrashuv davomida ichimdan nimalar o‘tganini o‘zim bilaman. Emotsiyalar juda ham ko‘p. Bahs so‘nggida durangga erishganimiz biz to‘g‘ri yo‘lda ekanligimizni ko‘rsatdi, deb o‘ylayman.