O‘zbekiston Superligasi 3-turi doirasida safarda “Surxon”ni mag‘lub etgan “Andijon” klubi ustozi Aleksandr Xomyakov g‘alaba haqida fikr bildirdi.
Andijonlik muxlislarni g‘alaba bilan tabriklayman. G‘alabadan xursandman. Ammo, g‘alaba qozongan bo‘lsakda, so‘nggi daqiqalar asabiylashishga majbur qildi. Uchinchi goldan keyin jamoa o‘yinni hotirjam g‘alabagacha olib borishi kerak edi. Ammo, negadir o‘ynashni yig‘ishtirib qo‘ydik. Shu jihat biroz asabiylashishga majbur qildi. Nima bo‘lsa ham g‘alaba, bundan xursandmiz.
Bektemir Abdumannonov biroz orqaroqda o‘ynayotgani rost. Hozir undan ko‘proq qanot yarim himoyachisi sifatida foydalanayapmiz. Hujumga yaqin joyda o‘ynayapti. Kamchilikda himoyalanishda muammolarimiz borligi uchun shunday qilmoqdamiz. U hozir himoyaga qaytib yordam berishniyam o‘zlashtirmoqda. Biz uchun omadli transfermi? Buni vaqt ko‘rsatadi. Murabbiy sifatida uning potentsialiga ishonaman.
O‘yin borasida hali talay kamchiliklarimiz bor. Jamoa sermahsul o‘ynayotgani bilan o‘yinda kamchiliklar yo‘q emas. Har bir chiziqda kamchiliklarni bartaraf etish kerak. Bu bo‘yicha mashg‘ulotlarda ishlayapmiz. Kamchiliklarga qaramay, barcha o‘yinlarda yaxshi natija va g‘alaba uchun maydonga tushamiz.
Hebay boshqacha darajadagi hujumchi. O‘ziga o‘zi vaziyat yarata olardi. Shu jihatlarda uni Zgurskiy bilan solishtirish xato. Ammo, o‘tgan mavsumning ikkinchi davrasida Hebay atigi uchta gol urdi. Agar jamoaviy o‘yin bo‘lmasa hujumchining saviyasi yordam bermasligi ham mumkin. Shu bois, biz asosiy urg‘uni jamoaviy o‘yinimizni kuchaytirishga qaratayapmiz.