Superliga 3-turidan o‘rin olgan So‘g‘diyona – Olimpik (2:2) uchrashuvidan so‘ng mehmonlar bosh murabbiyi Timur Kapadze o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
Ikkala jamoa ham yaxshi o‘yin ko‘rsatdi. 0:2 hisobini 2:2 ga o‘zgartira olganimizdan xursandman. Uchrashuv so‘nggida ochiq futbol guvohi bo‘ldik. Bugun g‘alaba qozonishimiz ham, mag‘lub bo‘lishimiz ham mumkin edi. Qayerdadir kamchiliklar kuzatilgan bo‘lishi mumkin, ammo futbolchilar yaxshi harakat qilishdi, deya olaman. So‘g‘diyona yaxshi pressing qildi. Bizda aynan pressingdan chiqishda muammolar kuzatildi. Oldinda FIFA kunlari kutib turibdi. E’tiborni terma jamoaga qaratamiz.
Noqulay ob-havo sabab kecha ikkala jamoa ham mashg‘ulot o‘tkaza olmadi. Biroq jamoa yaxshi tayyorgarlik ko‘rgani sezildi. Birinchi golda himoyachimizning xatosi kuzatildi. Bu – fubol. Mavsum boshida xato barchada kuzatiladi. Ikkala jamoa ham bu holatdan chiqib ketishiga ishonchim komil. Jizzaxliklarning oldingi ikki bellashuvini ko‘rib chiqqan edik, lekin jamoa bugun butunlay boshqa sxemada o‘ynadi. Ular ham bizdan kelib chiqib, o‘ziga xos reja qilgan bo‘lishlari tabiiy.