Samarqandning Dinamo klubi 2023-yilning 15-dekabr sanasida futbolchi Akbar Ismatullayev bilan 1 yillik shartnoma imzolagan bo‘lib, mazkur shartnomani “Superliga va Proliga reglamenti”da belgilangan limitdan tashqari 17-dekabr kuni Liga ro‘yxatidan o‘tkazgan. 18-dekabr kuni esa qishki transfer oynasi ochilgan.
Biroq Dinamo qishki transfer oynasi yopiladigan 24-fevralga qadar Akbar Ismatullayevni musobaqalar uchun ro‘yxatga kiritmadi. Ya’ni, futbolchining Dinamo bilan amalda shartnomasi bor bo‘lsa-da, u Liga tomonidan o‘tkaziladigan musobaqalarda ishtirok eta olmaydigan bo‘ldi. Vaholanki, mehnat shartnomasining 4.1.3-bandida futbolchining murabbiylar qo‘l ostida mashg‘ulot o‘tkazishi hamda musobaqalardagi ishtirokini ta’minlash Dinamo majburiyatlaridan biri sifatida ko‘rsatilgan.
Futbolchi sifatidagi asosiy huquqi poymol qilingach, Ismatullayev O‘zbekiston futbolchilari uyushmasiga shikoyat kiritdi. Shu asosda 29-fevral kuni Dinamo futbolchi FIFA nizomlari asosida shartnomani bir taraflama bekor qilishi mumkinligi to‘g‘risida ogohlantirish xati oldi, ammo uni belgilangan muddat ichida javobsiz qoldirdi. Natijada Ismatullayev joriy yilning 7-mart kuni Bunyodkor klubi bilan shartnoma imzoladi.
“Futbolchilar maqomi va transferi bo‘yicha reglament”ning 6.1-bandida shartnomasi uzrli sabab bo‘yicha tugagan professional futbolchi istisno tariqasida ro‘yxatdan o‘tkazish davridan tashqari ro‘yxatdan o‘tkazilishi mumkinligi, Assotsiatsiya bunday professional futbolchini ro‘yxatdan o‘tkazishga tegishli musobaqaning sport yaxlitligiga yetarlicha diqqat-e’tibor qaratish shartida ruxsat berishi mumkinligi belgilangan. Shundan kelib chiqib, uyushma Akbar Ismatullayevga Bunyodkor tarkibida musobaqalarda ishtirok etishga ruxsat berish masalasida yordam so‘ragan.
Liga mazkur holatni o‘rganib chiqib, ishni O‘FA tegishli qo‘mitasiga oshirishga qaror qildi.