Superliga 1-turidan o‘rin olgan Navbahor – Dinamo (3:1) uchrashuvidan so‘ng mezbonlar bosh murabbiyi Samvel Babayan dastlabki o‘yindagi g‘alaba, raqib va jamoaga yangi kelgan o‘yinchilar haqida fikr bildirdi.
O‘yinni to‘lalilicha nazorat qildik. Dastlabki soniyalardan to oxirigacha ustunlikni saqlab turdik. Vaziyatlardan foydalanganimizda birinchi taymning o‘zidayoq o‘yinni o‘z foydamizga hal etish mumkin edi. Futbolchilarim bugun nimalarga qodir ekanliklarini ko‘rsatishdi.
Raqib haqida nima deyman, ularga respekt. Bilishimcha, bu jamoa xususiy mablag‘lar evaziga shakllantirilib kelmoqda. Aktsionerlarga rahmat, boisi, bugun futbolga mablag‘ topish murakkab ish. Shunday sharoitda ularni moliyalashtirib kelayotganlarga rahmat.
Haqnazari rejamiz asosida harakat qilganini ayta olaman. U ko‘rsatmalarni to‘liq bajara oldi. Shunchaki, maydonga yangi kuch tashlash maqsadida Jiyanovni tushirdik. U tushishi bilan jamoa 2-3 daqiqada bir necha golli vaziyatlar yaratdi.
Bu Odil uchun yangi jamoa. Muxlislari ancha ko‘p jamoa sharafini himoya qilayapti. Bu ham o‘z navbatida uning faoliyatiga yaxshigina turtki deyish mumkin. Odil darajasi yuqori futbolchi. Bunday futbolchi bilan ishlash har qanday mutaxassis uchun orzu bo‘lsa kerak. Ochig‘i, anchadan buyon u bilan ishlashni orzu qilardim. Avvallari ayrim sabablarga ko‘ra bu amalga oshmagan edi. Hozir esa u jamoamiz futbolchisi. O‘ylashimcha, uning o‘zi ham bu jamoada ekanidan xursand.
Hozir ayrim futbolchilar endigina birgalikda o‘ynashni boshlashdi. Havotir bor. Ammo, umid qilamanki, bu mashg‘ulotlar jarayonida sayqallanadi. Navbahor’da kim asosiy tarkibda o‘ynashi muhim emas, asosiysi kim o‘ynasa ham jamoaga foyda keltirishi kerak.