3 ta holat bo‘yicha olingan sariq kartochka uchun jarima to‘lanadi

Liga joriy mavsum toza o‘yin vaqti va jismoniy tayyorgarlik masalasiga alohida e’tibor qaratishni maqsad qilgan. Bu chempionat saviyasi yanada oshishi yo‘lida muhim qadam hisoblanadi. 

Rasmiy sayt orqali 2023-yilgi mavsumda toza o‘yin vaqti masalasi yoritib borildi. Bu bilan Liga antifutbolga sababchi bo‘layotgan futbolchilar, murabbiylar va albatta hakamlar masalasiga urg‘u berdi. Afsuski, aksar holatlarda ijobiy natija qayd eta olmayotgan klub yoki rasmiy shaxs hakamlik mavzusini asosiy planga olib chiqishga harakat qiladi. Liga esa qator holatlarda salbiy natijaga hakam emas, o‘z ishiga professional munosabatda bo‘lishni uddalay olmayotgan futbolchi yoki murabbiylar ham birdek javobgar ekanligini isbotlovchi faktlarga ega. Qulay imkoniyatlardan foydalana olmaslik, to‘pni arzimagan holatlarda yo‘qotish, jismoniy tayyorgarlik masalasi kabi holatlar bir chetda qolib, asosan hakam qarori muhokama qilinadigan jihatlar joriy mavsum inobatga olinadi. Hakam ham, futbolchi ham, murabbiy ham xatolardan holi bo‘la olmaydi. Qasddan qilinayotgan xatolarga nisbatan hakamlarga jiddiy choralar ko‘rilayotgani ma’lum. 

Toza o‘yin vaqtiga putur etkazayotgan holatlardan biri sifatida o‘tgan mavsum bitta uchrashuvda bir o‘zi 12 daqiqa vaqtni yo‘q qilgan darvozabonga e’tibor qaratilgandi. Shuningdek, vaqtni hakam bilan tortishish uchun ketkazayotgan, VAR mutaxassisi bilan bog‘lanayotgan hakamga o‘z ishini bajarishda halal berayotgan futbolchi va murabbiylar uchrab turadi. Ayyorlik bilan hakamni chalg‘itishga bo‘lgan urinishlar ham yo‘q emas. Shulardan kelib chiqib, quyidagi holatlar bo‘yicha ogohlantirilgan futbolchilar 2024-yildan boshlab jarimaga tortiladi: 

a) o‘yin vaqtini cho‘zish oqibatida olingan sariq kartochka;
b) hakam bilan tortishish oqibatida olingan sariq kartochka;
s) hakamni chalg‘itish (simulyatsiya) oqibatida olingan sariq kartochka.

Assotsiatsiya hamda Liga Tartib-intizom masalasini tartibga soluvchi reglamentga kiritilayotgan o‘zgarishlar to‘liq tasdiqlanguniga qadar o‘zaro kelishgan holda mazkur masala kuchga kirishini kechiktirmaslikka qaror qildi. Avvalroq futbolchining funktsional holatini masofadan turib monitoring qilish imkonini beruvchi texnologiya va uning xulosalari Assotsiatsiyaga taqdim etilishi jiddiy nazoratda bo‘lishi aytilgandi. Shuningdek, har bir futbolchi statistikasini hisoblab boruvchi kompaniya bilan ham tez orada Superliganing barcha klubi shartnoma imzolaydi. Bu o‘z navbatida o‘z pozitsiyasi va yo‘nalishida eng yaxshilarni saralash imkoniyatlarini kengaytiradi.

mib
uzcard
cola
apex
bmb