Superliga media huquqi masalasida O‘zPFL OAV bilan hamkorlikda ishlashga tayyor

Superliga media va tijorat huquqlari masalasida Liga qator islohotlarni amalga oshirayotgani sir emas. Bugunga kelib Liga o‘z xarajatlarining yarmini ishlab topadi. 

2024-yilga kelib Superliga tashkiliy masalalari yangi bosqichga chiqishi, 2025-yildan boshlab qator masalalar to‘la tartibga keltirilishi rejalashtirilgan. Liga o‘zi o‘tkazayotgan barcha musobaqalarning media huquqlariga egalik qiladi va faqatgina Superliga uchrashuvlarining televizion huquqlarini Sport telekanali uchun taqdim etadi. Har ikki tashkilot o‘rtasida televizion va tijorat huquqlarini o‘z ichiga olgan moliyaviy shartnoma imzolangan bo‘lib, bunda telekanal hamda Liganing huquq va majburiyatlari aniq ko‘rsatib o‘tilgan. 

Superliga uchrashuvlarini internetda translyatsiya qilish va shundan kelib chiqadigan qo‘shimcha huquqlar o‘tgan yillar davomida xorijiy kompaniyalarga taqdim etilgan bo‘lib, Liga bundan daromad olib keldi. Ayni vaqtda mazkur huquqlarni yangi bosqichda sotish bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda. 

Sport telekanalida translyatsiya qilinayotgan Superliga uchrashuvlaridan 10 daqiqagacha bo‘lgan video sharh tayyorlash, musobaqa davomida yuzaga kelayotgan o‘yin vaziyatlarini turli ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirish kabi masalalar bevosita Liga bilan kelishilishi zarur. O‘tgan yillar davomida Championat.asia, Sports.uz, Tribuna.uz kabi nashrlar bu borada Liga bilan hamkorlikda faoliyat olib bordi. Endilikda mazkur masalalar tartibga keltiriladi. Uchrashuvlarni tinimsiz ravishda videotasvirga tushirish va Ligaga tegishli bo‘lgan mazkur huquqdan turli maqsadlarda foydalanish masalasi qonunchilikda belgilangan tartibda o‘rganiladi.    

Biz bu borada OAV hamda blogerlar bilan muloqot o‘rnatishga tayyormiz. Buning uchun tegishli nashr yoki kanal info@pfl.uz manzili yoki +998 90 9929052 raqamiga aloqaga chiqishi tavsiya etiladi. Liga 2024-yil uchun tayyorlangan brendbuk va unga tegishli qoidalarni istalgan OAV bilan bo‘lishishga tayyor. Videomateriallarni tarqatish masalasida esa qo‘shimcha kelishuv amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Bunda Liga biror OAV yoki tarmoqqa mazkur huquqlarni taqdim etmaslik masalasini o‘zida qoldiradi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida”gi qonuni 21-moddasida belgilanganidek, jismoniy tarbiya va sport tadbirlarini yoritish huquqidan uchinchi shaxslar faqat jismoniy tarbiya yoki sport tadbirlari tashkilotchilarining yozma ruxsatlari bilan yoxud uchinchi shaxslar tomonidan ushbu huquqlarning bunday tadbirlar tashkilotchilaridan sotib olinganligi to‘g‘risidagi yozma shakldagi kelishuvlar asosida foydalanishi mumkin. Shundan kelib chiqib, Liga mazkur huquqdan to‘liq foydalanishni rejalashtirgan. Bunda OAV yoki tegishli kanal mazkur qoidalarga amal qilmayotgani aniqlansa, birinchi navbatda tegishli kontentni bloklash yuzasidan rasmiy ogohlantirish kiritilishi ko‘zda tutilgan.

Ishonamizki, futbol bo‘yicha ichki chempionatni rivojlantirish va uning daxlsizlik chegaralarini belgilash yo‘lidagi bu qadam jamoatchilik tomonidan to‘g‘ri talqin etiladi. Zero, Liga buning ortidan rejalashtirayotgan masalalar milliy chempionatni yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.

mib
uzcard
cola
apex
bmb