Liga ofisida Nukus shahridagi Turon stadionini ta’mirlash bo‘yicha uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Assotsiatsiya va Liga vakillari hamda “Qishloqqurilishloyiha” mutaxassislari ishtirok etdi.
Turon stadionini ta’mirlash joriy yilda boshlanadi. Shu asosda “Qishloqqurilishloyiha” MChJ loyiha smeta hujjatlarini tayyorlamoqda. Rejaga ko‘ra, stadion to‘liq yangilanishidan tashqari, hududning ort qismida yana 2 ta futbol maydoni barpo etiladi.
Ekologik vaziyatdan kelib chiqib, Nukus shahrida futbol uchrashuvlarini sun’iy qoplamali futbol maydonida o‘tkazish uchun ruxsat berilgan. Biroq bunda futbolchilar salomatligi hamda xalqaro bellashuvlarni qabul qila olish darajasidagi texnologiyadan foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi. FIFA talablariga javob bermaydigan sun’iy maydonda rasmiy uchrashuvlar tashkil etish uchun ruxsat etilmaydi.
Shundan kelib chiqib, Assotsiatsiya hamda Liga mazkur masala yuzasidan o‘z takliflarini kiritdi. Loyiha smeta hujjatlarin`i tayyorlash davomida “Qishloqqurilishloyiha” mazkur talabni inobatga olishi va bu borada mamlakat futboli uchun javobgar bo‘lgan tashkilotlar bilan rasman kelishishi belgilab olindi. Avvalroq Yoshlar siyosati va sport vazirligi ham mazkur masala O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi hamda Professional futbol ligasi bilan kelishilishi lozimligini ma’lum qilgandi.
Uchrashuv davomida, shuningdek, asosiy tribuna va uning ostida joylashishi ko‘zda tutilgan texnik hudud qanday bo‘lishi lozimligi, VAR hamda ko‘chma televizion stansiya joy oladigan hududlar, kiyim almashtirish va stadionga chiqish yo‘laklarida qanday talablar inobatga olinishi lozimligi belgilab olindi. Tomonlarning navbatdagi uchrashuvi Turon stadionining o‘zida bo‘lib o‘tadi.