Liga Ijroiya qo‘mitasi mavsum oldidan yig‘ilish o‘tkazdi

O‘zbekiston Professional futbol ligasi Ijroiya qo‘mitasining 2024-yilgi rejalar yuzasidan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. 

Ijroiya qo‘mitaning 9 nafar a’zosidan uch nafari yig‘ilishda ishtirok etmadi. Qo‘mitaning yagona bo‘lgan ayol a’zosi Aziza Tatlimuratova Osiyo futbol konfederatsiyasida ish boshladi. Shundan kelib chiqib, uning qo‘mitadan chiqishi ma’qullandi. Turon klubi sobiq prezidenti Olimxon Ahmedov esa Liga bilan iliq aloqalarini saqlab qolishini ma’lum qilib, o‘zining Ijroiya qo‘mitadan chiqarilishini so‘radi. Qo‘mita ularning o‘rnini qanday to‘ldirish masalasida kelishib oldi. 

Assotsiatsiya vitse-prezidenti Odil Ahmedov, Liga bosh direktori Diyor Imomxo‘jayev, qo‘mita a’zosi va bir vaqtning o‘zida kotibi Oybek Ibrohimxonov, Lokomotiv, OKMK, Nasaf klublari rahbarlari To‘labek Akramov, Bahodir Mirzayev hamda Alisher Yusupov yig‘ilishda ishtirok etdi, kvorum jam bo‘ldi. Xorazm klubi rahbari Maqsud Karimov uzrli sabab bilan yig‘ilishda ishtirok eta olmadi.

Yig‘ilishda 2024-yilgi rejalar hamda 2025-yilgi mavsumga tayyorgarlik masalalari ko‘rib chiqildi. Liga rahbari qo‘mita a’zolariga 2023-yilgi mavsum yuzasidan moliyaviy hisobot topshirdi. Hisobotda Liga daromadlari qanday ko‘rinishda bo‘lgani va ular qanday sarf etilgani yuzasidan ma’lumot berildi. 

Qo‘mita 2024-yilgi mavsum bo‘yicha qator masalalarni ko‘rib chiqdi hamda qarorlar qabul qildi. Jumladan, 2024-yilgi mavsum uchun qatnashchilik badali miqdori qatorasiga to‘rtinchi yil o‘zgarishsiz qoldi. Mavjud inflyatsiya hisobiga u yildan-yilga kamayib borayotgani e’tirof etildi. Shuningdek, xorijlik futbolchi va mutaxassis uchun to‘lov miqdori ham o‘zgarmadi.

Qo‘mita ko‘rib chiqqan va jamoatchilikka oshkor etilishi lozim bo‘lgan masalalar yuzasidan Liga rasmiy sayti orqali ma’lumot berib boriladi.

mib
uzcard
cola
apex
bmb