Farg‘ona viloyati yetakchisi sifatida pulkada ishtirok etgan Farg‘ona davlat universitetining futbol jamoasi musobaqani 3-o‘rinda yakunlagandi.
Joriy yilning 10-yanvar kuni Farg‘ona DU jamoasi vakillari Liga bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda jamoa Liga a’zosi bo‘lish uchun qanday hujjatlar tayyorlashi lozim ekanligi yuzasidan so‘z bordi. 9-fevral kuni esa universitet rektori Bahodirjon Shermuhammadov imzosi bilan jamoaning tegishli hujjatlari Ligaga rasman taqdim etildi. 20-fevral kuni jamoa Birinchi ligaga qo‘shilish uchun navbatdagi qadamni tashladi.
Shu tariqa Farg‘ona davlat universiteti futbol jamoasining Birinchi ligada to‘p surishi maqsadga muvofiq deb topildi. O‘zbekiston Professional futbol ligasi oliy ta’lim muassasalari qoshida sport jamoalari tashkil etilishini qo‘llab-quvvatlaydi va bugungi sanani o‘zi uchun tarixiy sanalardan biri sifatida e’tirof etadi.
Qayd etish kerak, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 7-apreldagi “Ommaviy va professional futbolni har tomonlama rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-115-sonli Qarorida davlat oliy ta’lim muassasalarida ularning moddiy-texnika bazasidan kelib chiqib, futbol bo‘yicha doimiy faoliyat yurituvchi seksiyalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, davlat oliy ta’lim muassasalaridagi mavjud sport inshootlari va futbol maydonlarining doimiy faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash choralarini ko‘rish, har bir davlat oliy ta’lim muassasasining futbol va futzal bo‘yicha jamoalari bo‘lishi hamda oliy ta’lim muassasalari reytingini aniqlashda mazkur holatlar inobatga olinishini nazarda tutish alohida ko‘rsatib o‘tilgan.
Farg‘ona davlat universitetining mini futbol jamoasi 2022-yilda o‘tkazilgan Coca-cola Students cup musobaqasida ishtirok etgan bo‘lib, unda o‘z viloyati bosqichida finalga qadar etib borgandi. Ishonamizki, universitetning katta futboldagi qadami davomiy va munosib bo‘ladi.