Surxon klubining Superliga’dagi ishtiroki masalasi ko‘rib chiqildi

2023-yilning mayida OFK litsenziyalash talablarini bajara olgan klublar nomiga oydinlik kiritdi. O‘zbekiston bu borada 17 talik ko‘rsatkich bilan qit’ada yetakchi bo‘ldi. Superliga klublari orasidan faqatgina Surxon qarzdorlik masalasi mavjudligi oqibatida litsenziyaga ega chiqa olmadi.

“Superliga va Proliga reglamenti”ning 10.2-bandiga ko‘ra, bunday holatda futbol klubi qaysi o‘rinni egallashidan qat’i nazar musobaqadan chetlatilishi lozim. Shuningdek, “Superliga va Proliga reglamenti”ning 10.4-bandiga ko‘ra, OFK litsenziyasini qo‘lga kirita olmagan futbol klubi transfer oynasida faqatgina mahalliy futbolchini ro‘yxatdan o‘tkazishi mumkin. O‘z-o‘zidan Surxon 2023-yilning yozgi transfer oynasida legioner futbolchilar bilan ishlay olmadi. Klubning Superligadagi o‘rni masalasi esa Assotsiatsiya hamda Liga ishtirokidagi yig‘ilishda ko‘rib chiqildi.  

Klubda yuzaga kelgan qarzdorlik masalasi murakkab bo‘lib, u avvalgi rahbariyatning tartibsiz va noto‘g‘ri ishlashi oqibatida vujudga kelgan. Mazkur holat Surxon klubini xususiylashtirish masalasining ortga surilishiga hamda ta’kidlanganidek, yangi rahbariyat bilan ishlayotgan jamoaning litsenziyalashdan muvaffaqiyatli o‘tishiga to‘sqinlik qildi. Holat Surxondaryo viloyat hokimligi tomonidan to‘liq o‘rganib chiqilgach, tegishli choralar ko‘rildi (bu haqda keyinroq batafsil ma’lumot beriladi).

O‘zbekiston futbolchilari uyushmasi bilan hamkorlikda hozirga qadar qarzdorlik mavjud bo‘lgan 37 kishidan 24 nafari bilan hisob-kitob qilindi. Qolgan qarzdorlik bilan bog‘liq masala tegishli organlar nazoratida bo‘lib turibdi. Assotsiatsiya va Liga ishtirokidagi yig‘ilishda vaziyat tahlil qilib chiqildi. Bugunga kelib mazkur holatga olib kelgan sabablar aniqlangan bo‘lib, unga nisbatan tegishli chora ko‘rish ishlari olib borilmoqda. Surxon’ni 2022 hamda 2023-yilgi mavsumlar davomida moliyalashtirib kelgan yangi rahbariyat esa klub infratuzilmasini shakllantirish, moliyaviy barqarorlikni ta’minlash, ma’muriy boshqaruv faoliyatini rivojlantirish yo‘lida dadil qadam tashlay oldi. FIFA talablaridan kelib chiqib, Assotsiatsiya hamda Liga Surxon jamoasi bilan bog‘liq qarzdorliklar masalasi to‘la yechilmaguniga qadar, Futbolchilar uyushmasi bilan hamkorlikda holatni kuzatib boradi. Biroq so‘nggi ikki yilda har taraflama rivojlanib borayotgan klubning ayrim shaxslar tomonidan ilgari yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar sabab Ligadan chetlatilish darajasida jazolanishini mantiqan to‘g‘ri deb hisoblamaydi.

Yuqoridagilarga qo‘shimcha ravishda Surxon Ligaga rasmiy xat bilan chiqib, eski rahbariyat javobgar bo‘lgan qarzdorlik masalasi to‘la hal etilishi bugungi rahbariyat tomonidan nazorat qilib borilishiga kafolat berdi. Shundan kelib chiqib, Assotsiatsiya hamda Liga Surxon futbol klubi Superliga’dagi ishtirokini davom ettirishi hamda legioner futbolchilar bilan ishlashi mumkinligini maqsadga muvofiq deb topdi. 

 

mib
uzcard
cola
apex
bmb