Navbahor futbol klubi imzolangan shartnomaviy munosabatlar bo‘yicha o‘z majburiyatlarini lozim darajada bajara olmayotgani Assotsiatsiya hamda Liga xavotiriga sabab bo‘lmoqda. Xususan, to‘liq bo‘lmagan axborot klub muxlislarining noto‘g‘ri xulosalar va talqinlariga olib kelayotgani sir emas. Shundan kelib chiqib, Liga mazkur masalaga oydinlik kiritishni lozim deb topdi. Zero, klub moliyaviy majburiyatlarni bajarishda oldinga siljish o‘rniga, yildan-yilga yanada murakkab vaziyatga tushib bormoqda.
O‘tgan yilning 18-dekabr sanasida O‘FA tegishli qo‘mitasi Navbahor klubiga qishki transfer oynasida yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazishga taqiq qo‘ygandi. Shunga qaramay, klub qator futbolchilar bilan shartnoma imzolashda davom etmoqda. Biroq mazkur shartnomalarni Liga ro‘yxatidan o‘tkazish imkoniyati mavjud emas. Liga ro‘yxatidan o‘tayotgan futbolchilar elektron platforma orqali FIFA bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri integratsiyalashayotganidan kelib chiqib, mazkur masala jiddiy ahamiyat kasb etishini tushunish mumkin.
O‘FA qo‘mitasi shu yilning 17-yanvar kungi yig‘ilishda Navbahor klubiga qo‘yilgan taqiq davom etishini, qo‘shimchasiga, futbol klubi jarimaga tortilganini ma’lum qildi. Boisi, klubning shartnomaviy majburiyatlar masalasida muammolari yetarlicha. Jumladan, Navbahor farm jamoasi hamda futzal jamoasi sportchilari bilan hisob-kitob ishlari amalga oshirilmagan. Ishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘ygan Superliga klublari esa mazkur masalani 10-yanvar sanasidayoq hal qilishga erishgandi.
Shuningdek, Navbahor murabbiyi Grigoriy Kolosovskiy klubga nisbatan uchinchi bor ariza kiritdi. Unda murabbiy bilan uch mavsumdan buyon to‘liq hisob-kitob qilinmayotgani qayd etilgan. Mutaxassis huquqlarini himoya qilayotgan qonuniy vakil klub har safar va’da bilan cheklanib qolayotganidan kelib chiqib, bu safar transfer taqiqi qo‘yishni talab qilgan. Mazkur ishda talab qilinayotgan summa Navbahor futzal jamoasining to‘liq bir mavsumdagi harajatlaridan ko‘proqni tashkil qiladi.
Navbahor sharafini himoya qilgan Oston O‘runov hamda Abror Ismoilov masalasi ham ochiqligicha qolgan. Oston barcha masalani FIFA tegishli reglamentida belgilangani bo‘yicha amalga oshirdi. Navbahor O‘runov bilan joriy yilning 1-fevral sanasiga qadar hisob-kitob qilinishi yuzasidan rasmiy kafolat bergan bo‘lsa-da, mazkur kafolatga amalga qilinmadi.
Oleksandr Kasyan bilan mehnat shartnomasini imzolash oldidan Navbahor OKMK klubi bilan kelishuv imzolagan. Biroq kelishuv shartlari o‘z vaqtida amalga oshirilmaganidan kelib chiqib, Navbahor OKMK oldida qarzdorga aylangan. Mazkur masala hozirgacha hal etilmagan.
Yuqorida qayd etilgan ishlar faqatgina Ligaga ma’lum bo‘lganlari hisoblanadi. Navbahor qarzdorliklar to‘liq bartaraf etilgani masalasini Assotsiatsiya uchun isbotlamaganidan kelib chiqilsa, yangi-yangi qarzdorliklar chiqib kelishi katta ehtimol.
Liga Navbahor qayd etayotgan natijalarni alohida e’tirof etadi. Biz klub muxlislari va ularning klub muvaffaqiyatlaridagi alohida hissalarini qadrlaymiz. Ammo bu kabi masalalar professional futbol klubining ish tizimiga, FIFA, OFK, O‘FA talablariga mas’uliyatsizlarcha yondoshishga sabab bo‘lmasligi lozim.