Pro ligaga tushib ketgan Turon futbol klubi moliyaviy qiyinchilik sabab faoliyatini davom ettirishi so‘roq ostida ekani haqida ma’lum qilgandik.
18-yanvar kuni klub bosh direktori Assotsiatsiya hamda Ligaga xat yo‘llab, futbolga befarq bo‘lmagan tadbirkorlar bilan hamkorlikda ishlashga tayyor ekanligini ma’lum qildi. PFK TURON MChJ yangi homiylar jalb etish, o‘zaro kelishuv asosida klubga egalik qilish huquqini berishga tayyor deb yoziladi xatda.
Bunda klub faoliyati va infratuzilmasini saqlab turish uchun ba’zi talablar bor:
• klub faoliyatini rivojlantirish;
• klubning mavjud sport oby’ektlari va futbol maydonidan faqatgina sport faoliyati yo‘nalishida foydalanish;
• klub qarorgohi va akademiyasini saqlab turish, rivojlantirish;
• klub tizimidagi jamoalarning mavjud musobaqalardagi ishtirokini ta’minlash.
Shu talablar asosida klubga egalik qilish istagida bo‘lganlar +998 99 405 97 80 raqami bilan bog‘lanishi mumkin.
Ma’lumot uchun, Turon FK qisqa vaqt davomida katta yo‘lni bosib o‘tgan kam sonli xususiy klub hisoblanadi. O‘tgan vaqt davomida klub o‘z infratuzilmasini yaxshilashga erishdi. Yaypandagi O‘zbekiston stadioni Superliga talabiga to‘la moslashtirib ta’mirdan chiqarildi. Shuningdek, stadion atrofidagi bo‘sh hududda klub bazasi, akademiyasi va unga tegishli futbol maydonlari barpo etildi.