Liga Surxon arena’da olib borilayotgan ta’mirlash ishlarini kuzatib bormoqda.
O‘tgan yilning 17-dekabr sanasida mutaxassislarimiz Termizda bo‘ldi. Stadionga POA PRATENCE maysi yotqizilgan bo‘lib, uni parvarishlash ishlari olib borilmoqda. Endigina unib chiqayotgan maysa o‘zini ushlab olishi uchun biroz vaqt kerak. Hozircha maysa ildizining uzunligi 4 sm’ga etgan. Drenaj tizimi to‘liq kuch bilan ishlamoqda.
7-yanvar kuni Liga mediasi Surxon arena’da bo‘ldi va amalga oshirilayotgan ishlarni suratga oldi. Ayni vaqtda nafaqat asosiy maydon, balki uning orqasida joylashgan mashg‘ulot maydoni ham zamonaviy usulda tayyorlanmoqda. Muxlislar joy olishi mo‘ljallangan tribunalar osti tekislab qotirilgan. Endilikda uning ustiga o‘rindiqlar o‘rnatiladi.
Texnik zona, kiyim almashtirish, hakamlar va komissarlar xonalarida to‘liq yangilash ishlari olib borilmoqda. Zaxira o‘rindiqlari muxlislar futbol tomosha qilishiga halal bermasligi uchun maysa sathidan pastroqqa tushirilgan va uning uchun kerakli jihozlar xarid qilingan. Endilikda TV kameralari o‘rnatiladigan nuqtalar, OAV uchun lojalar va boshqa xonalarni Liga talabi asosida shakllantirish ishlari olib boriladi. Quyidagi video orqali amalga oshirilgan ishlarni ko‘rish mumkin.
Surxon arena avgust oyiga qadar futbol uchrashuvlarini qabul qila olishga tayyor holga keltirilishi rejalashtirilgan. Klub mavsumning ikkinchi davrasidan e’tiboran Termizga qaytish uchun barcha ishni amalga oshirmoqda. Unga qadar mavsumning birinchi davrasini Toshkentdagi Paxtakor stadionida o‘tkazib turadi.